Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik holati ko‘rib chiqildi
Kuni kecha Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi ishchi guruhi “Aichi–Nagoya-2026” musobaqasiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish maqsadida suv sport turlari, voleybol, velosport, qilichbozlik federatsiyalarida mutaxassis-murabbiylar bilan suhbat o‘tkazdi.
Uchrashuvlar davomida sportchilarning mashg‘ulot rejalari, xalqaro musobaqalar taqvimi, litsenziya va reyting musobaqalaridagi ishtiroki, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, ilmiy-metodik hamda tibbiy ta’minot, shuningdek, Osiyo o‘yinlarida yuqori natija qayd etishi kutilayotgan sportchilarning tayyorgarlik holati tahlil qilindi.

Har bir federatsiya kesimida mavjud imkoniyatlar, tayyorgarlik jarayonida samaradorlikni yanada oshirish hamda musobaqalarga hozirlik ko‘rish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, XX yozgi Osiyo o‘yinlarida 45 mamlakat sportchilari 41 ta sport turida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA