Osiyo o‘yinlari: O‘zbekiston U-23 terma jamoasi chorak finalga yo‘l oldi
Yaponiya mezbonligida o‘tayotgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarining erkaklar o‘rtasidagi futbol bahslarida O‘zbekiston U-23 terma jamoasi «S» guruhining 2-turida Kuvayt terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi.
Nagoya shahridagi «Minato Soccer Field» stadionida o‘tgan uchrashuvda futbolchilarimiz 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yinda Saidumarxon Saidnurullayev 6 va 36-daqiqalarda gol urib, jamoamizga g‘alaba keltirdi.
Guruhning ikkinchi uchrashuvida Vetnam va Filippin terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Unda vetnamlik futbolchilar 2:0 hisobida zafar quchdi.
Shu tariqa, ikkinchi turdan so‘ng O‘zbekiston U-23 terma jamoasi 6 ochko bilan «S» guruhi peshqadamiga aylanib, muddatidan oldin keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Vetnam 4 ochko bilan ikkinchi, Kuvayt 1 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. Filippin terma jamoasi esa ikki uchrashuvdagi mag‘lubiyatidan so‘ng ochkosiz qolmoqda.

Endi Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston U-23 terma jamoasi 22-sentabr kuni guruh bosqichining 3-turida Vetnamga qarshi maydonga tushadi. Mazkur bahsda guruh peshqadamligi masalasiga oydinlik kiritiladi. Kuvayt esa Filippinga qarshi bahs olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA