Osiyo kubogi: Bugun ikkinchi tur o‘yinlari boshlanadi
Xabaringiz bor, ayni damda Saudiya Arabistonida futbol bo‘yicha U17 yosh toifasidagi Osiyo kubogi bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqaning ikkinchi turi bugun, 9-may kuni start oladi. Unda “A” va “B” guruhlaridan joy olgan jamoalar maydonga tushadi.
Jumladan, Saudiya Arabistoni "A" guruhidagi ikkinchi uchrashuvini Tojikiston bilan o‘tkazsa, Myanma va Tailand o‘rtasidagi o‘yinlar 2-turni yakunlab beradi. "B" guruhida esa Xitoy – Yaponiya va Qatar – Indoneziya jamoalari bahsiga guvoh bo‘lamiz.

Biz uchun ahamiyatli bo‘lgan “D” guruhidagi 2-tur uchrashuvlari ertaga, 10-may kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Sergey Chigodayev qo‘l ostidagi O‘zbekiston U17 terma jamoasi Hindiston termasi bilan o‘zaro raqobatlashadi. Darvoqe, ushbu guruhda KXDR terma jamoasi ishtirok etmagani bois Avstraliya bu turda dam oladi.
Shuningdek, 10-may kuni “C” guruhida Vetnam – Janubiy Koreya, BAA – Yaman to‘qnashuvi bo‘lib o‘tadi.

Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, 2-turdan o‘rin olgan Birlashgan Arab Amirliklari va Yaman terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda hamyurtimiz Akobirxo‘ja Shukrullayev bosh hakam sifatida faoliyat olib boradi. Unga yana ikki vakilimiz Alisher Usmonov va Islom Azimov qanotlarda yordam beradi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA