Osiyo chempionatida zafar quchgan og‘ir atletikachilarimiz kutib olindi
Bugun, 19-may kuni Hindistonning Gandinagar shahrida poyoniga yetgan Osiyo chempionatida Vatanimiz sport sharafini munosib himoya qilgan og‘ir atletikachilarimiz poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Osiyo qit’asining 28 mamlakatidan 178 nafar eng kuchli og‘ir atletikachilari ishtirok etgan musobaqalarda Jo‘rabek Zoirov va Abror Tojimirzayev murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza, jami 6 ta medal bilan umumjamoada 3-o‘rinni egalladi.

Kutib olish marosimida ishtirok etgan sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudov, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Rahmon Xolmirzayev, murabbiy va mutaxassislar, keng jamoatchilik vakillari, kattalar o‘rtasidagi chempionatda bir guruh yoshlarimizning ishtirok etgani, xususan Amir Abdullayev, Sarvar Zafarjonov, Muhammadqodir Toshtemirov, Abdulaziz Alimjonovning sovrinli o‘rinlarga egalik qilgani e’tiborli ekanini ta’kidladi. Bu, joriy yil sentabr-oktabr oylarida Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida tashkil etiladigan XX yozgi Osiyo o‘yinlariga og‘ir atletikachilarimizning tizimli tayyorgarligidan dalolat ekanligi aytib o‘tildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA