Osiyo chempionati: Gandbolchilarimiz chorak finalda Eron bilan kuch sinashadi
Iordaniya poytaxti Amman shahrida gandbol bo‘yicha davom etayotgan 11-Osiyo chempionati guruh bosqich o‘yinlarida muvaffaqiyatga erishgan O‘zbekiston U-18 terma jamoasi chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Chempionatning “A” guruhida bahs olib borgan gandbolchi yigitlarimiz guruh bosqichidagi so‘nggi tur o‘yinlarini Iordaniya jamoasiga qarshi o‘tkazdi.
Qiziqarli kechgan o‘yinda hamyurtlarimiz mezbonlar jamoasini 42:32 hisobida mag‘lub etdi.
“A” guruhidagi o‘yinlar yakuniga ko‘ra, 8 ochko jamg‘argan Bahrayn jamoasi 1-o‘rinni, 6 ochko to‘plagan Janubiy Koreya gandbolchilari 2-o‘rinni va 4 ochkoga ega O‘zbekiston jamoasi 3-o‘rinni egalladi.

Hamyurtlarimiz ertaga, 28-avgust kuni o‘tkaziladigan chorak final o‘yinida Eron terma jamoasi bilan kuch sinashadi.
Aytish lozimki, o‘smirlar o‘rtasidagi 12-jahon chempionatiga saralash vazifasini o‘taydigan ushbu birinchilikda 10 ta milliy terma jamoa 2 ta guruhga bo‘lingan holda bahs olib bordi.
Eslatib o‘tamiz, o‘z guruhidan eng yaxshi natija qayd etgan to‘rtta jamoa chorak finalda “B” guruhining omadli jamoalari bilan bahs olib boradi.
Yarim final uchrashuvlari 29-avgust, final va bronza medali uchun o‘yinlar 31-avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA