Oshkoralik – saylovning bosh mezoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida mamlakatimizga tashrif buyurgan Birlashgan Arab Amirliklari Federal Kengashi a’zosi, “BAA-O‘zbekiston” hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi hamraisi Nidal Muhamed bin Shirbak Al Tinayji boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov qabul qildi.
N.Ismoilov mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, bugungi muloqot O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi parlamentlararo munosabatlarning kelajakdagi rivoji uchun muhim zamin yaratishini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston va Amirlik parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining rivojlanishida tomonlar “Do‘stlik guruhlari” muhim o‘rin tutadi. Parlamentlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik ikki tomonlama munosabatlar tarixidan yangi sahifa sifatida o‘rin oladi va o‘zaro manfaatli “o‘zbek-amirlik” munosabatlariga yangicha ruh bag‘ishlab, aloqalarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Muloqotda mamlakatlarimiz parlamentlari o‘rtasidagi aloqalar muntazam ravishda rivojlanayotgani, O‘zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishi, BAA bilan barcha sohalardagi hamkorlik aloqalari ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanishi qayd etildi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda milliy parlamentarizmda ilgari umuman kuzatilmagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga murojaat bilan chiqish instituti, Vazirlar Mahkamasining har yilgi Davlat dasturlarining ijrosi bo‘yicha parlament oldida hisobot berishi amaliyoti, Hukumat a’zolarining quyi palata oldida maxsus hisoboti, ya’ni “hukumat soati” instituti, Davlat byudjetini qonun shaklida qabul qilish kabi yangi institut va amaliyotlar joriy qilingani haqida so‘zlab berildi.

Mehmonlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, ayniqsa, jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquq hamda imkoniyatlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga qaratilgan ulkan o‘zgarishlarning yorqin natijalarini yuksak baholadi. Ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini alohida qayd etdi.
Saylov okruglarida ko‘rilayotgan puxta tayyorgarlik, ovoz berish tartib-taomillarini qonunchilikka mos, zamon talablari darajasida amalga oshirilishi, eng asosiysi, ochiqlik, oshkoralik saylovning bosh mezoni bo‘lishini alohida ta’kidladi.
O‘zbekistonda keyingi yillarda milliy saylov qonunchiligi sezilarli darajada takomillashgani, u fuqarolarning xohish-istagini erkin ifoda etishini kafolatlashi va eng yuqori talablarga javob berishi, 2021 yilgi Prezident saylovi Saylov kodeksiga muvofiq demokratik tamoyillar asosida ochiq-oshkora o‘tkazilishi mehmonlar tomonidan ijobiy baholandi.
Muloqot yakunida ikki tomon kelgusida do‘stona aloqalarni yanada rivojlantirishga va muntazam ravishda o‘zaro fikr almashib turishga kelishib oldi.
Muhtarama Komilova, O‘zA