O‘rta yer dengizida navbatdagi fojia: o‘nlab migrant yo‘qolgan
O‘rta yer dengizida muhojirlarni olib ketayotgan qayiq ag‘darilib, 70 dan ortiq odam halok bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Liviyada suvga tushgan qayiqda 100 ga yaqin yo‘lovchi bor edi. Hozircha 32 kishi qutqarilib, 2 nafar insonning jasadi topilgan. Qolganlar taqdiri noma’lum.
Omon qolganlar tijorat kemasida Italiyaning “Lampedusa” oroliga olib chiqildi. Xalqaro qoidaga ko‘ra, dengizda xavf bilan yuzma-yuz qolganlarga yordam berish majburiy hisoblanadi. Hodisa Liviya nazoratidagi qutqaruv hududida sodir bo‘lgani aytilmoqda. Ayni payt qutqaruv ishlari kechikkani haqida ham savollar paydo bo‘lmoqda.
Huquq faollari va nodavlat tashkilotlar fojiani Yevropa siyosati bilan bog‘layapti. Ya’ni, xavfsiz va qonuniy migratsiya yo‘llari ochilmayotgani bois, odamlar shunday xavfli safarni tanlashga majburligi ta’kidlanmoqda. Ayniqsa, Liviya – Italiya dunyodagi eng xavfli yo‘nalishlardan biri sifatida tan olingan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2026-yil boshidan beri kamida 683 migrant halok bo‘lgan yoki bedarak ketgan. To‘g‘ri, minglab odam Yevropagacha yetib kelyapti, biroq har bir shunday safar mislsiz xatar bilan kechadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA