O‘rta asrlarda ayg‘oqchilarga qarshi qo‘llanilgan maxfiy so‘z – parollar haqida nimalarni bilasiz?
Harbiy qismlarda sir saqlash, dushman josuslari kirib kelishining oldini olish muayyan choralarni ko‘rishni talab etgan.
Qadimgi davrlardayoq har bir jangovar qabilaning o‘ziga xos paroli – o‘roni bo‘lgan. Bir necha qabilalar birlashib, dushmanga qarshi kurashayotgan vaqtda qabila sarkardaci o‘ziga tegishli qabila jangchilarini chaqirmoqchi bo‘lsa qabila o‘ronining nomini aytib chaqirgan. Baland ovozda aytilgan maxfiy so‘zni eshitgan qabila a’zolari sarkarda tomon talpinganlar. O‘rta asrlar davriga kelib o‘ronlardan juda keng foydalanilgan.
Harbiy yurishlar paytida dushman xududida o‘z odamlarini tanib olish, urushga tayyorgarlik ko‘rayotganda esa o‘z odamlarini tanimay qolmaslik uchun shartli maxfiy so‘z – o‘ron masalasiga katta e’tibor berilgan. Askarlarga bir-birlariga duch kelganda o‘zlarini tanitish uchun ma’lum bir maxfiy belgi tayin qilib qo‘yilgan. Bu belgi biror narsaning, masalan, hayvonning, qurolning nomidan yoki biror so‘zdan iborat bo‘lgan. Masalan, “O‘g‘uznoma” dostonida o‘ron sifatida tanlangan “ko‘k bo‘ri” so‘zi tilga olinadi.
Turkshunoslik ilmining asoschisi Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”) asarida parol so‘zi “im” shaklida berilgan. Asarda, shuningdek, ushbu so‘zni izohlash uchun “Im bilsa, er o‘lmas” maqoli keltirilgan. Maqolning mazmuni shundaki, yashirin belgini bilgan yo bilsa ham unutib ko‘ymagan askar o‘ziga qarashli odamlar qo‘lida nohaq o‘lib ketmaydi. Mazkur maqol kishilarni ehtiyotkor bo‘lishga undaydi.
Buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur qo‘shinida ham yurish yoki jang paytida boshboshdoqlik, parokandalikning oldini olish uchun har bir bo‘linma, guruh, qismning o‘z paroli – o‘roni belgilangan. O‘ron nomi tez-tez o‘zgartirib turilgan. Bu ma’lum darajada o‘ziga xos qurol deb tushunilgan.
Bundan tashqari amir saroyi, devonxonani qo‘riqlashda xavfsizlik xizmati xodimlari parol orkali so‘zlashishgan. Bu “Temur tuzuklari”da quyidagicha qayd etiladi: “Shu tartibda har kecha ulardan ming kishi soqchilik qilish uchun hozir bo‘lishsin. Har yuz qilichlik ustiga bir yuzboshi qo‘yilsin va unga shartlashilgan maxfiy so‘zni aytsinlar”.
Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida parol bilan bog‘liq qiziq ma’lumotlarni bayon etgan. Uning yozishicha, o‘ron ikki xil bo‘ladi. Birinchisi – har bir qavmning o‘ziga tegishli bo‘lgan o‘ron. Masalan, ba’zi qavmning o‘roni “durdona”, ba’zisiniki “to‘qboy” yoki “lulu” bo‘lgan. Ikkinchi turdagi o‘ronda butun lashkarga jang payti ikki so‘z o‘ron qilib qo‘yilgan. Zarur vaqtda qismlarga bo‘lingan lashkar har qayerda uchrashganda, biri bir so‘zni aytsa, yana biri o‘sha aytilishi kerak bo‘lgan ikkinchi so‘zni aytgan. Ana shu yo‘l bilan qarshisidagilar do‘st yoki dushmanligi aniqlangan.
Boburning qayd etishicha, hijriy 908 (milodiy 1502) yilda Sulton Ahmad Tanbalning ustiga – Andijonga qo‘shin tortiladi. Bu yurishda rasmiy o‘ron sifatida “Toshkent” va “Sayram” so‘zlari tanlanadi. Kelishilgan qoidaga ko‘ra, bir tomon “Toshkent” deb aytsa, ikkinchi tomon “Sayram” deb, agar “Sayram” deyilsa, ikkinchi tomon “Toshkent” deb aytishi kerak edi. Ammo anglashilmovchilik tufayli katta muammo yuzaga keladi.
Buni Bobur quyidagicha bayon etgan: “Bu to‘polonda Xoja Muhammad Ali ilgariroq ekan. Mo‘g‘ullar: “Toshkand, Toshkand”, deb kelganda Xoja Muhammad Ali sarosimada qolib, javoban u ham “Toshkand, Toshkand” deydi. Mo‘g‘ullar yov kishisi deb xayol qilib, suron solib, nog‘orachi nog‘ora chalib, o‘q qo‘yadilar. Ushbu xatolik tufayli lashkar bir joyda turmay, tarqalishib ketdik”. Shu tariqa, qo‘shin qorong‘ida bir-birini tanimay, kelishilgan o‘ron (parol)ni tushunmay noqulay vaziyatda qolib o‘z kishilariga zarba beradi.
Buxoro amirlari saroyida ham hukmdorlarning hayotini turli fitna va suiqasdlardan omon saqlash uchun xavfsizlik xizmati paroldan keng foydalangan. Masalan, amir tunda orom olayotgan vaqtda uning yotoqxonasi yonidagi soqchi har 40 daqiqada almashtirilgan. Har bir tun uchun alohida parol – “nomi shab” belgilangan. Soqchi amir yotoqxonasiga yaqin kelgan har qanday kishidan ayni shu parolni aytishni talab qilgan.
Alisher EGAMBERDIEV, O‘zA