Oromgohda quvonch va orzularga boy yangi mavsum boshlandi
Quvonchga to‘la bolalik onlari, beg‘ubor tabassumlar, yangi do‘stliklar va ezgu orzular sari qadamlar... Sirdaryo tumani “Sholikor” mahallasida joylashgan “Sirdaryo” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yozgi mavsumning beshinchi smenasi ana shunday ko‘tarinki ruhda boshlandi.
Beshinchi mavsumning ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bolalarning shodon kulgisi, samimiy quvonchi va yorqin kayfiyati bilan yanada fayzli o‘tdi. Bu yerdagi muhitdan har bir bolaning mazmunli dam olishi, yangi bilim va taassurotlarga ega bo‘lishi uchun barcha sharoitlar yaratilgani yaqqol namoyon bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilnavoz Saidova, Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti Sirdaryo viloyati boshqarmasining mas’ul xodimi G‘ulom Jumabekov, kasaba uyushmalari tizimi xodimlari, oromgoh ma’muriyati, beshinchi mavsum ishtirokchilari hamda ularning ota-onalari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yosh avlodning sog‘lom, bilimli va barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, bolalarning yozgi ta’tilini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki bolalik davrida orttirilgan taassurotlar, shakllangan ko‘nikmalar va olingan bilimlar kelajakda muhim hayotiy tajribaga aylanadi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mablag‘lari hisobidan 2023–2025-yillarda tubdan rekonstruksiya qilingan “Sirdaryo” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi bugun zamonaviy infratuzilmaga ega, bolalar uchun barcha qulayliklar yaratilgan maskanlardan biri hisoblanadi.
Oromgohda bolalarning xavfsiz va mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha zarur imkoniyatlar mavjud. Zamonaviy yotoqxonalar, sanitariya-gigiyena xonalari, tibbiy xizmat ko‘rsatish xonalari, izolyator, 450 tonna suv sig‘imiga ega suzish havzasi, futbol, voleybol va basketbol maydonlari, yugurish yo‘laklari bolalar ixtiyoriga topshirilgan.
[gallery-30768]
— Biz har bir bola o‘zini xavfsiz, qadrlangan va baxtli his qiladigan muhit yaratishni maqsad qilganmiz. Oromgohda bolalar nafaqat dam oladi, balki o‘z qobiliyatini namoyon etishi, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun ham keng imkoniyatlarga ega, — deydi oromgoh direktori Ulug‘bek To‘raqulov.
Oromgoh kutubxonasida 3 mingdan ortiq yangi o‘zbek va jahon adabiyoti namunalari jamlangan. “Bibliobus” loyihasi ham bolalarning kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, intellektual o‘yinlar va sport musobaqalari ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bolalar salomatligi va sifatli ovqatlanishi ham doimiy e’tibor markazida. 200 o‘rinli oshxona sanitariya talablariga to‘liq javob beradi. Zamonaviy omborxonalar, muzlatkichlar va non mahsulotlari tayyorlash sexi mavjud. Oromgoh hududida yetishtirilgan meva-sabzavotlardan foydalangan holda bolalar uchun vitaminlarga boy, sifatli va mazali taomlar tayyorlanadi.
Xavfsizlik masalalari ham ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Oromgoh hududida 96 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan bo‘lib, Ichki ishlar organlari, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda Milliy gvardiya xodimlari tomonidan 24 soatlik navbatchilik tashkil etilgan. Binolarda yong‘in xavfsizligi tizimlari, o‘t o‘chirish vositalari va evakuatsiya sxemalari mavjud.
Joriy mavsumda oromgohda kasaba uyushmalari tizimidagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarning 6 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan farzandlari mazmunli hordiq chiqarmoqda.
Bolalar uchun har bir kun alohida dastur asosida tashkil etilmoqda. “Eng bilimdon bola”, “Zakovat” kabi intellektual tanlovlar, shaxmat-shashka bellashuvlari, yugurish, suzish va boshqa sport musobaqalari o‘tkazilib, ularning aqliy va jismoniy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
“Sirdaryo” oromgohida boshlangan beshinchi mavsum bolalar uchun yangi do‘stliklar, unutilmas taassurotlar va yorqin xotiralarga boy kunlarning ibtidosi bo‘ldi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA