Orolbo‘yidagi NNT faol vakillari taqdirlandi
Nukusdagi “Do‘stlik uyi”da O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayrami munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda mustaqillik yillarida fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini mustahkamlash, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. bugungi kunga kelib mamlakatimiz bo‘yicha 9 mingdan ziyod, shu jumladan Orolbo‘yida 602 ta nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda.

Kelgusi besh yillikda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning milliy modelini shakllantirish, ular erkin faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoit yaratish, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yanada takomillashtiriladi. Fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari bilan hamkorligi darajasini, shuningdek, ularning hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini baholovchi ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish, ushbu yo‘nalishlardagi ishlarni yanada faollashtirish kabi muhim vazifalarga alohida e’tibor qaratiladi.

Davlat rahbari tomonidan tasdiqlangan 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat subsidiyalari, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar berish tartibi soddalashtirilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi Jamoat fondiga ajratiladigan mablag‘larni bosqichma-bosqich oshirib borish, ularni tegishli ravishda ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport, bandlik, ijtimoiy xizmatlar, ekologiya, qurilish, kadastr, transport, kommunal xo‘jaligi va boshqa infratuzilmalardagi muammolarni hal etish uchun ijtimoiy buyurtmalarga yo‘naltirish belgilab qo‘yilgan.
Tadbir yakunida nodavlat notijorat tashkilotlari faol vakillari faxriy yorliq va pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA