Orolbo‘yida suv-botqoq yerlarni tiklash: ustuvor yo‘nalishlar va amaliy qadamlar muhokamada
Poytaxtimizda Orol dengizi havzasidagi ko‘llar, suv-botqoq yerlar va qirg‘oq ekotizimlarini saqlash hamda barqaror boshqarishga qaratilgan qo‘shma loyiha yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur loyiha Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Global ekologik fond ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilishda ishtirokchilar tomonidan 2026-yilning I choragi yakunlari sarhisob qilindi.
Degradatsiyaga uchragan yerlarda saksovul ekish ishlari boshlanib, bu chora cho‘llanishga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, 757 ming gektardan ortiq maydonni qamrab olgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarishni takomillashtirish, bioxilma-xillikni asrash hamda yer degradatsiyasining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov loyiha amalda aniq natijalar bera boshlaganini ta’kidlab, mahalliy aholi va fermerlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mikro-grantlar dasturini ishga tushirish muhim qadam ekanini qayd etdi.

Asosiy ustuvor yo‘nalishlar qatoriga mikro-grantlar mexanizmlarini joriy etish, ecodata.uz raqamli platformasini rivojlantirish hamda rejalashtirilgan tadbirlarni jadallashtirish kiritildi. Ushbu tashabbuslar tabiiy resurslardan barqaror foydalanishni ta’minlab, ijtimoiy-iqtisodiy samaradorlikka erishishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Loyiha doirasida mutaxassislar salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilib, zamonaviy raqamli monitoring vositalari joriy etilmoqda hamda aholining ekologik xabardorligi oshirilmoqda.

Shu bilan birga, suv resurslarini boshqarishda ilmiy yondashuvning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Qarorlar samaradorligini oshirish maqsadida suv-botqoq yerlar holatini modellashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Yig‘ilish ishtirokchilari hamkorlikni yanada kengaytirish va xalqaro ekologik tadbirlarda faol ishtirok etish zarurligini qayd etdi. Jumladan, “Eco Expo Central Asia-2026” hamda GEFning 8-Assambleyasida ishtirok etish rejalashtirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA