Orolbo‘yida “Mustaqillik to‘yi” festivali davom etmoqda
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 12-15-avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Mustaqillik to‘yi” festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Festival doirasida aholining turli qatlamlarini qamrab oluvchi ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va ijtimoiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Tadbirlarning asosiy maqsadi jamiyatda milliy birlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ezgulik, insonparvarlik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat g‘oyalarini keng targ‘ib etishdan iborat.

Festival dasturidan o‘rin olgan loyihalar orqali aholining ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini oshirish, yoshlarning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, milliy qadriyatlarga hurmatni kuchaytirish hamda jamiyatda mehr-oqibat va birdamlik muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Jumladan, festivalning dastlabki kuni Qonliko‘l tumanidagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini Madaniyat markazida “Mustaqillik soati” loyihasi doirasida taniqli professor-olimlar va ijodkorlar ishtirokida adabiy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi. Unda siyosiy fanlari doktori, professor Narzulla Jo‘rayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston bo‘limi rahbari Tatlimurat Atamuratov hamda boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimiz mustaqilligining mazmun-mohiyati, uning xalqimiz hayotidagi tarixiy ahamiyati, erishilayotgan yutuqlar va bugungi tinch-osoyishta hayotning qadr-qimmati haqida fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Shuningdek, “Yaxshilik karvoni” loyihasi doirasida mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi keksa nuroniylar, himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, ularga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ezgu tashabbuslarni keng targ‘ib qilishga qaratilgan xayriya va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Shumanay tumani “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan “Kinokarvon” loyihasi, “Munchoqli” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan “Obod xonadon” loyihasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. “Kinokarvon” loyihasida aholiga, ayniqsa, yoshlarga milliy va ma’naviy qadriyatlarni aks ettiruvchi, vatanparvarlik va insoniy fazilatlarni targ‘ib qiluvchi filmlar namoyish etilgan bo‘lsa, “Obod xonadon” loyihasi doirasida xonadonlarda obodlik, tozalik va farovonlik muhitini shakllantirish, aholi o‘rtasida bunyodkorlik va tashabbuskorlik ruhini kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi.

Xo‘jayli tumanidagi 5-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida tashkil etilgan “Shukronalik” madaniy-ma’rifiy uchrashuvida Vatan tinchligi va osoyishtaligi, hayot ne’matlarining qadriga yetish, jamiyatda shukronalik hamda minnatdorlik tuyg‘ularini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qo‘ng‘irot tumanidagi madaniyat saroyida “Qo‘ng‘irot”, “Temir yo‘l” va “Ozodlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi turli millatga mansub keng jamoatchilik vakillari ishtirokida “Umummilliy birdamlik” loyihasi doirasida uchrashuv o‘tkazildi. “Kutubxonalarga tashrif” loyihasida esa yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, aholining kutubxonalardan samarali foydalanishini rag‘batlantirish, mutolaa va ma’rifatga keng jalb etish maqsad qilindi.
Xo‘jayli tumani hokimligi madaniyat sahnasida hamda Qo‘ng‘irot tumanidagi “Ozodlik” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Yoshlar xiyobonida san’atkorlar, xonandalar, madaniyat sohasi xodimlari, yoshlar, aholi vakillari ishtirokida gala-konsert namoyish etildi.
“Mustaqillik to‘yi” festivalining ikkinchi kuni To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Taxtako‘pir, Qorao‘zak hamda Chimboy tumanlarida davom etdi.
Jumladan, festival doirasida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” loyihasi amalga oshirilib, mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik, totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, umumiy Vatanimizga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. “Mustaqillik marshi” ommaviy yurishi orqali xalqimizning mustaqillik bayramiga bo‘lgan yuksak hurmati va vatanparvarlik tuyg‘ulari namoyon etildi. Mazkur tadbir aholining keng qatlamlarini birlashtirish, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Festival dasturidan “Ma’rifat tur” loyihasi ham o‘rin olgan. Mazkur loyiha doirasida aholining, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini oshirish, kitobxonlik va ilm olishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, tarixiy va madaniy merosga hurmat tuyg‘usini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etilmoqda. “Milliy liboslar fleshmobi” orqali xalqimizning boy milliy madaniyati, urf-odatlari va an’analarini keng targ‘ib etish, yosh avlodda milliy qadriyatlarga hurmat va faxr tuyg‘usini shakllantirishga e’tibor qaratilmoqda.
“Jonajon maktabimga kitob sovg‘a qilaman” loyihasi doirasida ta’lim muassasalarining kutubxona fondlarini badiiy va ma’rifiy adabiyotlar bilan boyitish, o‘quvchilarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish hamda yoshlarni mutolaaga keng jalb etishga qaratilgan ezgu tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Festival dasturidan o‘rin olgan “Shijoat” vatanparvarlik loyihasi doirasida yoshlarning harbiy-vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, ularda Vatanga sadoqat, jasorat va fuqarolik mas’uliyati tuyg‘ularini kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
“Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari” loyihasi doirasida yosh avlod vakillariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bolalarda Vatanga muhabbat, ezgulik va bunyodkorlik tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Festival doirasidagi tadbirlarga yoshlar, ziyolilar, mahalla faollari, nuroniylar, pedagoglar, ijodkorlar, tadbirkorlar hamda keng jamoatchilik vakillari jalb etiladi.
“Mustaqillik to‘yi” festivali doirasidagi tadbirlar davom etmoqda. Ushbu tadbirlar Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, milliy birlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda jamiyatda ezgulik va bunyodkorlik g‘oyalarini yanada keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri