Orolbo‘yida kardiologiya markazi ochiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 13 noyabrda “Orolbo‘yi mintaqasi ixtisoslashtirilgan kardiologiya va kardioxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Markazning asosiy vazifalari etib hudud aholisiga, shu jumladan Orolbuyi mintaqasidagi hamda Buxoro va Navoiy viloyatlarida tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarga o‘z ixtisosligi bo‘yicha yuqori texnologiyaga asoslangan malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish, kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qo‘yish va kasalliklarni davolash bo‘yicha ilg‘or usullarni va texnologiyalarni ishlab chiqishga hamda amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish, markaz tibbiyot xodimlarining kasbiy darajasini oshirish belgilandi.
Shuningdek, mavjud tibbiyot texnikalari parkining doimiy ravishda yangilab borish va modernizatsiya qilish, markazni zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlash, moliyaviy va moddiy-texnik resurslarni jalb qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etish, yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni, konsultatsiyalar va mahorat darslari o‘tkazish uchun mamlakatga taklif etish orqali keng hamkorlikni tashkil etish, shuningdek mutaxassislar almashinuvini ta’minlash nazarda tutilgan.
2021 yil 1 dekabrdan boshlab Markazni davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tizimiga ulanishi ta’minlanishi kerak.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA