Orolbo‘yida barqaror turizmni rivojlantirish istiqbollari
Nukusda barqaror turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik muloqoti hamda “Yoshlar va ayollar – Qoraqalpog‘istonda doimiy turizm elchilari” loyihasi doirasida tashkil etilgan biznes g‘oyalar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.
“DMO Karakalpakstan” jamoat birlashmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Nukus shahri va Xo‘jayli tumani hokimliklari, oila va xotin-qizlar, yoshlar ishlari bo‘limlari vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, turizm biznesi, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, “DMO Karakalpakstan” jamoat birlashmasi tomonidan Yevropa Ittifoqi, Konrad Adenauer fondi va "Yuksalish" umummilliy harakati ko‘magida amalga oshirilayotgan “Yoshlar va ayollar - Qoraqalpog‘istonda doimiy turizm elchilari” loyihasining maqsadi, loyiha doirasida o‘tkazilgan o‘quv treninglar va biznes g‘oyalar tanlovi natijasiga to‘xtalib, Orolbo‘yida barqaror turizmni rivojlantirishga qaratilgan yoshlar va ayollar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning dolzarbligini qayd etdilar. Shuningdek, mintaqaning turistik jozibadorligini oshirish uchun davlat hokimiyati organlari, biznes va jamoatchilik sa’y-harakatlarini birlashtirish yuzasidan kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Uchrashuvning muhim jihatlaridan biri loyiha ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan eng yaxshi biznes g‘oyalarning taqdimoti bo‘ldi. Xo‘jayli tumani va Nukus shahridan tashrif buyurgan tashabbuskorlar Qoraqalpog‘istonning turizm salohiyatini rivojlantirish, yangi turizm mahsulotlarini yaratish, mahalliy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va turizm sohasiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan o‘z ishlanmalarini taqdim etdilar.
Uchrashuv yakunida biznes g‘oyalar tanlovi g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri