Orol berayotgan saboq
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida, “Bizga nafaqat qaror qabul qiladigan, balki qarorlarni amalga oshirishga qodir bo‘lgan BMT kerak. Bizga har bir davlatning ovozi eshitiladigan BMT kerak”, degan fikrni ilgari surdi.
Bu bugungi dunyo oldida turgan ko‘plab muammolarga munosabatni belgilab beradigan muhim g‘oyadir. Chunki muammolarni muhokama qilish, qarorlar qabul qilish va rezolyutsiyalar bilan cheklanib qolishning o‘zi yetarli emas. Eng muhimi — qabul qilingan qarorlar hayotda o‘z ifodasini topishi, odamlar hayotiga haqiqiy ta’sir ko‘rsatishi va muammolarning amaliy yechimiga xizmat qilishi lozim.
Saida Mirziyoyeva ana shu nuqtai nazardan Orol fojiasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. U Orol dengizining qurishini faqat tabiiy ofat bilan izohlab bo‘lmasligini, uning ortida o‘n yillar davomida qabul qilingan noto‘g‘ri qarorlar va tabiatga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘lish oqibati borligini ta’kidladi.
Qoraqalpog‘iston uchun bu fikrning mazmuni yanada chuqur. Chunki Orol fojiasi biz uchun xalqaro minbarlarda tilga olinadigan oddiy ekologik masala emas. Bu — xalqimizning boshidan kechirgan tarixi, bugungi hayoti va kelajak avlod taqdiri bilan bevosita bog‘liq haqiqat.
Bugun qurigan dengiz tubida yashil hududlar yaratilayotgani, suv tejovchi texnologiyalar joriy etilayotgani, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kengaytirilayotgani ana shu amaliy yondashuvning ifodasidir. Orol fojiasi endi faqat uning oqibatlarini bartaraf etish masalasi emas. U butun insoniyat uchun katta saboq. Tabiatga munosabat, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik xavfsizlik va kelajak avlod oldidagi mas’uliyat chegaralarni tan olmaydi.
Shuning uchun bugun bizga Orol haqida yana bir bor gapirishning o‘zi emas, so‘zdan amaliy harakatga, qarordan natijaga o‘tish muhim. Saida Mirziyoyevaning fikrlari aynan shuni anglatadi: xalqaro hamjamiyat muammolarni nafaqat yozib oladigan, balki ularni hal etish uchun birgalikda harakat qiladigan kuchga aylanishi kerak.
Qoraqalpog‘iston uchun esa Orolbo‘yi kelajagi – alohida mas’uliyat. Biz Orol fojiasini nafaqat o‘tmishdagi ofat sifatida, balki undan to‘g‘ri xulosa chiqarib, kelajakni o‘zgartirishga undaydigan saboq sifatida ko‘rishimiz kerak. Chunki Orol bizga qarorlarning qadrini emas, ularning natijasini kutayotgan avlod borligini eslatib turadi.
Nurlibay Qaypbergenov,
O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining raisi
O‘zA