O‘rinboy USMON: “Tomirlarimizda do‘stlik qoni oqmoqda”
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida birodar mamlakatlar va xalqlarimizning turli sohalardagi aloqalari keng yoritilmoqda.
Xo‘jandda bo‘lib turgan O‘zA muxbiri Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi a’zosi O‘rinboy УСМОНнинг fikrlarini yozib oldi.
– Men Tojikistonda o‘zbek oilasida tug‘ilib o‘sganman, maktabniyam o‘zbek tilida tugatganman. Shundan so‘ng Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirib, 1973 yilda tamomlaganman. O‘sha paytlar O‘zbekistonda tahsil olgan talabalar o‘qishni bitirgandan so‘ng ikki yil ishlab berardi. Ammo men Tojikistonga qaytib keldim. Asosiy ijodiy faoliyatim yurtimda o‘tdi, 1991-1997 yillarda O‘zbekistondagi “Xalq so‘zi” gazetasining Tojikiston bo‘yicha o‘z muxbiri bo‘lib ishladim. Ayni paytda Tojikiston hukumatining o‘zbek tilidagi nashri – “Xalq ovozi” gazetasida ishlayapman.
Bolaligimdan o‘zbek adabiyotiga katta mehr bilan o‘sdim. Rahmatli otam O‘zbekistonda chiqadigan gazeta-jurnallarni olib turardi. O‘zbeklar bilan bizning tomirlarimiz tutash. O‘zbekistondagi do‘stlarim bilan xabarlashib turamiz, uyda o‘zbek telekanallarini ko‘ramiz. Adib, jurnalist, jamoat arbobi Xurshid Do‘stmuhammad mening eng yaqin do‘stim, kursdoshim bo‘ladi.
– Keyingi yillarda xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik rishtalari mustahkamlanganini siz nimalarda ko‘rayapsiz?
– Mustaqillikning boshlarida, undan oldin O‘zbekiston bilan bordi-keldi qilish juda oson edi. Poyezd, avtobuslar tinmay qatnab turardi. Lekin orada munosabatlar sovuqlashgan davr bo‘ldi. Viza tartibi joriy qilindi, chegaralardagi nazorat-o‘tkazish nuqtalari yopildi. Masalan, xo‘jandliklar viza olish uchun 350 kilometr yo‘l bosib Dushanbega borib oylab kutardi, narxi ham arzonmasdi.
Siz hozir bo‘lib turgan So‘g‘d viloyati O‘zbekistonning yettita viloyati bilan chegaradosh. O‘zbekistondan kelin olganmiz, qiz uzatganmiz. Bitta-ikkita emas, minglab oilalar taqdiri O‘zbekiston bilan bog‘langan. Munosabatlar sovuqlashgan davrda ana shu oilalar ahvoli qanday kechganini tasavvur qiling... To‘y-marakani qo‘ying, janoza bo‘lib qolsa bir oila o‘z jigarinikiga borolmasdi. Shunday voqealarning guvohi bo‘lganmiz, aza bo‘lib, odamlar chegaraning ikki tarafida o‘tolmay, zor yig‘laganlarini ko‘rganmiz.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti bo‘lgandan so‘ng qo‘shni davlatlar bilan aloqalar mustahkamlandi. Tojikistonda millionlab o‘zbek yashasa, O‘zbekistondayam milliondan ortiq tojiklar bor. Bu avvalo shu xalqlarning bayrami bo‘ldi.
O‘zbek-tojik do‘stligi haqida minglab misollarni aytish mumkin. Bizni dinimiz, madaniyatimiz, tashqi ko‘rinishimiz, musiqamiz bir. Yon qo‘shni – jon qo‘shni degan gap bor. Bu haqiqat pandemiyaning og‘ir sinovli kunlarida ayniqsa bilindi. Mamlakatimizga eng katta yordamni jon qo‘shnimiz O‘zbekiston berdi. 865 ming dollarlik ko‘mak...
– Mamlakatlarimiz o‘rtasida aloqalar yaxshilangandan keyin birinchi kunlarni qanday eslaysiz?
– 2017 yilni yaxshi eslayman. O‘zbekiston bilan aloqalar yaxshilangandan so‘ng boshqa olamda suzib yurganday bo‘lgan edik. O‘sha paytlar Konibodomni Farg‘onaning Beshariq tumani bilan bog‘lovchi Potar – Andarxon o‘tkazish punktiga bordim. Birinchi shu punkt ochilgandi. O‘sha yerga jurnalist sifatida bordim, odamlar bilan gaplashdim. Bilasizmi, odamlar yig‘lab turib kulishardi, kulib turib yig‘lashardi. Ikki mamlakat Prezidentlarining bir birini tushunishi va xalqlar do‘stligi uchun katta qadam qo‘ygani sharofati edi bu! Qadimiy o‘zbek-tojik do‘stligi tiklangandan so‘ng odamlar yillar davomida ko‘rmagan qizi, nevaralari bilan diydor ko‘rishgandi... Ko‘plar o‘sha kunlari yaqinlari uchun to‘y qilib bergandi.
– Ijodkor sifatida madaniy-gumanitar aloqalarni qanday baholagan bo‘lardingiz?
– Do‘stlik xalqlarimiz uchun eng qadrli tuyg‘u. Buni hamma sohada, xususan, adabiy aloqalarda ham kuzatish mumkin. Ilgari O‘zbekistonda Tojikiston adabiyoti va san’ati kunlari bo‘lar, xuddi shunday, Tojikistonda ham O‘zbekiston adabiyoti va san’ati kunlari o‘tkazilar edi. Asta-sekin bu an’analar tiklanib, yana yo‘lga qo‘yilmoqda. Bilasizmi, Tojikistonda yashasam-da, tojik adabiyotini o‘zbek tilida o‘qiganman. Masalan, Jalol Ikromiyning “Olov qiz” romanini sevib mutolaa qilganman. Bu xalqlarimizning tili va dili bir-biriga yaqinligidan. “Jahon adabiyoti” jurnalining bir soni tojik adabiyotiga bag‘ishlandi. Tojik she’riyati, prozasidan tarjimalar chop etildi. Shuningdek, “Sharq yulduzi” jurnalida ham tojik ijodkorlarining ijodiy ishlaridan namunalar berildi.
Tojikistonda ham “Sadoi Sharq” jurnalida, “Xalq ovozi” kabi nashrlarda o‘zbek ijodkorlarining asarlari e’lon qilib borilmoqda. Shu o‘rinda bir taklifni bildirib qolardim: Tojikistonda O‘zbekistonda chop etilayotgan adabiy nashrlar ijodiy jamoalari bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilsa... Bu nafaqat katta ijodkorlar, balki yoshlar uchun ham ijodiy ko‘prik vazifasini o‘taydi.
Alohida e’tirof etishga arzirli ishlar ko‘p aslida. Madaniyat va san’at sohasida ham pandemiyaga qaramay, yaxshi loyihalar amalga oshirildi. Tojikistonda Shukur Burhon nomidagi yagona o‘zbek teatri bor. Shu teatr aktyorlaridan Abduqodir Yahyoyev keyingi besh yilda “O‘zbekfilm”da “Avloniy”, “Ibrat”, “So‘nggi umid” kabi beshta filmda rol ijro etdi. “Mendirman Jaloliddin” filmiga ham taklif etilgan edi, ammo pandemiya tufayli borolmadi. Xavf-xatar chekingach, san’at sohasidagi aloqalar yanada rivojlanishiga ishonaman.
– O‘zbekiston Prezidenti tashrifiga Xo‘jandda qanday tayyorgarlik ko‘rildi?
– Munosabatlar yaxshilangandan so‘ng Xo‘jand – Toshkent avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgandi. Ilk qatnovda men ham O‘zbekistonga borgandim. Biz intiqib kutayotganimiz, pandemiyadan so‘ng chegaralarimiz yana ochilsa. Chunki xavf-xatar birmuncha chekindi. Tojikistondan O‘zbekistonga vizasiz rejim bir oy bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tmasdan turish uch kun edi. Shu o‘n kunga cho‘zilishi haqida eshitdim. Nasib bo‘lsa Xorazmga bormoqchiman. Menga o‘xshagan Xivani ko‘rmoqchi bo‘lganlar Tojikistonda juda ko‘p. Yo‘llar ochilsa O‘zbekistondan Xo‘jandga keluvchilar ham ko‘payadi. Dushanbedan Termiz, Buxoro, Samarqandga avtobuslar qatnovi qayta tiklanadi. Shuningdek, Samarqand va Panjikent oralig‘ida temir yo‘l, ilgarigi Jizzax – Qo‘qon avtomobil yo‘li ishga tushiriladi, allaqachon bunga kelishilgan.
Sir emas, xalqlarimiz do‘stligini ko‘rolmaydiganlar topiladi. Lekin yaxshi qo‘shnichiligimiz qanchalik mustahkamlansa, ular o‘z o‘zidan pisib qoladi. Mamlakatlarimiz hozir shunga harakat qilayapti. Zero, bizning tomirlarimizda do‘stlik qoni oqmoqda. Xalqlarimiz bor ekan, vujudida ota-bobolardan meros qon oqib turar ekan, bu do‘stlikni buzib bo‘lmaydi.
O‘zA muxbiri
Matnazar Elmurodov
suhbatlashdi