O‘rganishlardan maqsad — aholini rozi qilish
Xalq bilan muloqot joylarda o‘z yechimini kutayotgan turli masala va muammolarni bartaraf etish, aholi vakillarining murojaatlarini tinglash va hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining har oyda o‘z saylov okruglarida bo‘lib, fuqarolar dardiga quloq tutayotgani, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonlarini, qonunchilikdagi yangilik va o‘zgarishlarni keng targ‘ib qilib, tushuntirish ishlarini olib borayotgani e’tiborga molik.

Ayni kunlarda ham xalq vakillari hududlarda bo‘lib, Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini tushuntirishmoqda, aholi vakillarining murojaatlarini tinglab, ularni hal etish choralarini ko‘rishmoqda.
Jumladan, deputat Vahobjon Murodqobilov hamda xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Zafar Karimov Narpay tumanidagi Alisher Navoiy, Amir Temur, "Beklar" mahallalarida bo‘lib, mahalla faollari va keng jamoatchilikka Prezidentimiz Murojaatnomasi yuzasidan targ‘ibot tadbirini o‘tkazdi.
Shuningdek, deputat "Beklar" mahallasidagi fuqarolarning murojaatlarini tingladi. Aholi murojaatiga ko‘ra, mazkur mahalla uchta katta qishloqdan iborat bo‘lib, uch mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ammo hududda bolalar bog‘chasi mavjud emas. Shu bois mahalla hududida yangi maktabgacha ta’lim muassasasini qurish taklifi bildirildi. Xalq vakili mazkur masalani mahalla faollari, sektor rahbarlari bilan o‘rganib, murojaat yechimi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Deputatlar sektor rahbarlari va tegishli mas’ullar bilan birgalikda tumandagi «Mirbozor dehqon bozori»dagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi faoliyati bilan tanishdilar. Bozorda narx-navoning asossiz oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, savdo jarayonlarida sanitariya va gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etilishi yuzasidan tuman mas’ullariga tegishli ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
DEPUTAT TASHABBUSI BILAN TRANSFORMATOR MUAMMOSI HAL ETILDI
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navro‘z Rizayev hamda deputat yordamchisi Abdulaziz Yo‘ldoshev Urgut tumanidagi 71-Qoratepa saylov okrugida bo‘lib, saylovchilarning muammolarini o‘rgandi.
Dastlab «Dehqonobod» MFYdagi 37-umumta’lim maktabini isitish masalasi o‘rganildi. Isitish pechiga nasos olib berish masalasi tuman xalq ta’limi bo‘limiga yo‘naltirilib, mazkur masala hal etiladigan bo‘ldi.
«Tersak» MFYdagi fuqarolarning transformatordagi nosozlik bilan bog‘liq murojaati joyiga chiqib o‘rganildi. Transformatordagi nosozlik tuman elektr tarmoqlari mutaxassislari tomonidan bartaraf etildi.
Bundan tashqari, «Tersak» MFY hududidan o‘tuvchi soy ustiga qurilayotgan 12 metrlik ko‘prikning qurilish ishlari bilan ham tanishildi.
«Xo‘jayduq» MFY hududida ham transformator yetishmasligi muammosi mavjud. Xalq vakili mutaxassislar bilan birga mazkur masalani joyida o‘rgandi. Bu masala bo‘yicha Hududiy elektr tarmoqlari viloyat boshqarmasiga deputat so‘rovi yuborilib, muammoni hal etish choralari ko‘rilmoqda.
KEKSA ONAXON HOLIDAN XABAR OLINDI
Andijon tumani «Ravvot» MFY "Ma’naviyat" ko‘chasida istiqomat qiluvchi Yorqinoy ona Iminova 83 yoshda. Keksa onaxonning salomatligini nazorat qilib turish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish lozim.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Adhamjonova o‘z saylov hududida o‘rganishlar olib borar ekan, keksalar xonadoniga kirib borib, ularning holidan xabar oldi. Jumladan, Yorqinoy ona Iminova oilasida ham bo‘lib, bemor onadan xabar oldi va onaxon shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Shuningdek, deputat Ravvot oilaviy shifokorlik punktida ham bo‘lib, tibbiyot xodimlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Suhbat davomida xalq vakili yurtimizda tibbiyot sohasiga alohida e’tibor qaratilayotgani, tibbiy xizmat sifatining oshirilishi va buning zamirida inson salomatligiga e’tibor yotganini ta’kidladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA