O‘quvchilarning ekologik bilimlari sinovdan o‘tdi
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” respublika ko‘rik-tanlovining Samarqand viloyati bosqichi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda tuman (shahar) bosqichida g‘olib bo‘lgan 16 jamoa ishtirok etdi.

Jamoalar tanlovning belgilangan to‘rt sharti asosida o‘zlarining ekologiyaga oid huquqiy bilimlari va sohaga oid qonunchilikdan qanchalik xabardorliklarini o‘zaro savol-javoblar orqali namoyish qildi. Yashab turgan hududlarining ekologik holati va aholining ekomadaniyati haqida ma’lumot berishdi hamda yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga doir “Eng yaxshi ekologik loyiha”larini taqdim etdi.


Tanlov yakuniga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on shahridagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi birinchi o‘rinni egallab, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

Jomboy tumanidagi 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari ikkinchi va Samarqand shahridagi 55-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tanlovning respublika bosqichi shu yilning mart oyida Buxoroda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA