O‘quvchilarimizning yutuqlaridan g‘ururlandik
Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universitetida O‘zbekistonda EFI (Kengaytirilgan mikrodastur interfeysi) iqtisodiyot olimpiadasining Respublika miqyosidagi milliy bosqichi yakunlandi.
Joriy yilning fevral oyida onlayn tarzda ingliz tilida o‘tkazilgan olimpiadada minglab o‘quvchilar ishtirok etib, saralangan 81 nafar o‘quvchi olimpiadaning Respublika bosqichida ishtirok etishga taklif etildi.

Yozma va og‘zaki tarzda o‘tkazilgan ushbu olimpiadaning g‘olib bo‘lgan 5 o‘quvchisi – Qarshi shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari Humoyunbek Ibrohimov , Jasurbek Rizoqulov, Samandar Norboyev, Behruz Olimov va Navoiy shahri Prezident maktabi o‘quvchisi Miron Tursunov Gretsiyada 14-18 yoshli maktab o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan VIII xalqaro iqtisodiyot olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Vestminster universiteti, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, YUNESKO hamkorligida tashkil etilgan xalqaro iqtisodiyot olimpiadasining Respublika bosqichida Andijon viloyatidagi Prezident maktabi va 4-maktab o‘quvchilari ham ishtirok etdi. Andijonlik o‘quvchilar mutlaq g‘oliblikni qo‘ldan boy bergan bo‘lsa-da, iqtisod fanidan olib borilgan viktorina hamda og‘zaki savol-javobda o‘z bilimlarini ingliz tilida erkin ifoda eta oldi.
O‘quvchilarimizning Respublika miqyosidagi olimpiadada ishtirok etgani biz o‘qituvchilar uchun katta sharaf. Ularning intilishi, qat’iyatini ko‘rib, fidokorona mehnatimiz zoye ketmayotganidan g‘ururlandik.
Munavvara Pirmatova,
Andijon shahridagi 4-maktab iqtisod fani o‘qituvchisi.
O‘zA