O‘quvchilar harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalanmoqda
FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi Prezident maktabida Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, milliy hamda qadimiy o‘yinlarimizga qiziqtirish maqsadida navbatdagi ko‘rgazmali va amaliy o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
[gallery-9118]
Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashga qaratilayotgan alohida e’tibor hamda o‘g‘il-qizlarni milliy sport turlariga jalb etish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Janubiy operativ qo‘mondonligining harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbirga ko‘tarinkilik baxsh etdi.
Shundan so‘ng, yoshlar ishtirokida harbiy-vatanparvarlik mashg‘ulotlari o‘tkazildi. O‘quvchilarga Milliy gvardiya va qo‘riqlash bo‘linmalaridagi texnikalar, maxsus himoya vositalari xususida ma’lumotlar berildi. Ularning afzalliklari va qulayliklari batafsil tushuntirildi. Tadbir davomida o‘g‘il-qizlarga tajribali murabbiylar tomonidan, kamondan otish texnikasi va sir-asrorlari o‘rgatildi. Yoshlar amaliy tarzda o‘z merganlik mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Ta’kidlash joiz, mazkur maktabda kamondan otish bo‘yicha sport to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda o‘quvchilar muntazam ravishda ko‘nikmalarini shakllantirib bormoqda.
Chavandozlar maktabida esa yoshlar ot minib, tulporlar haqida qiziq ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
O‘zA fotomuxbiri
Jonibek QO‘ZIMURODOV olgan suratlar.