O‘quvchilar gilam zavodiga bordi
Urgut ixtisoslashtirilgan maktabi o‘quvchilarining bir guruhi tumandagi "YEC Gilam" mas’uliyati cheklangan jamiyatining gilam ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 14 apreldagi "Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida" gi farmoniga asosan ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘quvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda sinfdan tashqari kasbga yo‘naltirilgan amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish vazifasi belgilangan. Shundan kelib chiqib, agentlik tizimidagi ta’lim muassasalari hududlardagi ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ayni paytda belgilangan kelishuvga asosan joylarda ixtisoslashgan maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari korxonalarda bo‘lib, bevosita ishlab chiqarish jarayonlari, ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar, tadbirkorlarning fikrlari bilan tanishmoqda.
— bugungi kunda maktabimizda 371 nafar o‘quvchi mavjud,— deydi Urgut ixtisoslashtirilgan maktabi direktori Nargiza Mamatkarimova.– Ularning 100 nafari tabiiy fanlar, 271 nafari aniq fanlar yo‘nalishida ta’lim olmoqda. Joriy o‘quv yilida muassasamizni 24 nafar o‘quvchi bitiradi. Ularning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tayyogarlik jarayonlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, qiziqishlariga qarab kasbga yo‘naltirish o‘quv-amaliyotlari ham o‘tkazilmoqda. Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida tumanimizdagi ishlab chiqarish korxonalari, "Urgut" erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Belgilangan reja asosida o‘quvchilarimiz korxonalarga borib, ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatib, kasbiy ko‘nikmasini shakllantirib bormoqda. Shuningdek, tadbirkorlar bilan muloqot qilgan holda ish yuritish sirlarini o‘rganmoqda. O‘quvchilar korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.
— Har birimiz xonadonimizda foydalanayotgan gilamlarni bizgacha kelgunga qadar qancha jarayondan o‘tishini xayolimizga ham keltirmaymiz, — deydi muassasaning tabiiy fanlar yo‘nalishi 9-sinf o‘quvchisi Jonpo‘lat Sherzodov. — Ko‘zni quvnatadigan gilamlar ko‘plab insonlarning mashaqqatli mehnati mahsuli ekan. Jarayon zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil qilingan. Ammo baribir ishchi xodimlar tomonidan yaxshigina mehnat qilinmoqda. Eng e’tiborimni tortgan narsa texnologiyaning xorijniki ekanligi, ishlab chiqarishni bevosita chet ellik mutaxassislar nazorat qilib borayotganligi bo‘ldi. Bunday holatni ko‘plab ishlab chiqarish korxonalarida, hatto, o‘zim qiziqqan farmsanoatda ham kuzatish mumkin. Men shunday xulosaga keldimki, biz kelgusi faoliyatimizni aynan ishlab chiqarish jarayonlari uchun zarur bo‘lgan zamonaviy texnologiyalarni yaratish borasida ishlashimiz zarur.
O‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari davomida o‘quvchilar korxona mas’ullaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA