O‘quv zallari yana talabalar bilan gavjum
Bugundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tegishli qaroriga asosan, karantin talablariga to‘la amal qilgan holda Qarshi davlat universitetida ham barcha bosqich talabalari uchun an’anaviy darslar boshlandi.
Qarshi davlat universitetida ayni kunda 48 bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 26 ta magistratura mutaxassisliklarida jami 16 ming 578 nafar talaba tahsil olmoqda. Bugun erta tongdan barcha fakultet o‘quv auditoriyalari talabalar bilan gavjum bo‘ldi. O‘quv jarayonini tashkil etish jadvali yakuniy nazorat davrini inobatga olgan holda (tabaqalashtirilgan vaqt soatlarini belgilangan tarzda) ishlab chiqilayotir.

– Oliy ta’lim muassasasining barcha kursdagi talabalari uchun an’anaviy ta’lim shakldagi o‘quv jarayoni sanitariya-epidemiologik qoidalarga qat’iy amal qilgan holda tashkil etilmoqda, – deydi universitet o‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i M.Fayzullayev. – Shuningdek, ob’ektiv sabablarga ko‘ra kasal, homilador, yosh farzandi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga masofaviy tarzda tahsil olishga ruxsat etildi. Ta’lim jarayonini to‘laqonli tashkil etish uchun universitet moddiy-texnik bazasi holati va professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlanganlik darajasi inobatga olindi.
Ta’kidlash joizki, o‘quv jarayonini an’anaviy shaklga o‘tkazilishi nafaqat ta’lim sifatini oshiradi, balki ta’lim-tarbiya ishini tizimli ravishda tashkil etilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘.BAROTOV, O‘zA