O‘quv markazidan norozi tinglovchining 11,4 million so‘m puli olib berildi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasiga fuqaro J.G. manfaatini ko‘zlab murojaat kelib tushdi. Unda “N.A.S” o‘quv markazi faoliyatidan norozilik bildirilib, o‘quv kurslari uchun to‘langan mablag‘larni qaytarishda amaliy yordam so‘ralgan.
– 2025-yil 20-fevralda fuqaro va o‘quv markazi o‘rtasida shartnoma tuzilib, 12 million 400 ming so‘m miqdoridagi to‘lov amalga oshirilgan, – deydi hududiy boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari A.Hamroqulov. – Biroq o‘quvchi darslarga to‘liq qatnashmagani, ta’lim sifati talabga javob bermagani sababli shartnomani bekor qilish va ortiqcha to‘langan mablag‘ni qaytarish talab qilingan. O‘quv markazi esa shartnomaning 6.1.6-bandini ro‘kach qilib, mablag‘ qaytarilmasligini aytib, rad javobini bergan. “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasiga ko‘ra, shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonunchilikka zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas, deb topiladi. Shuningdek, ijrochi ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olishga haqli emas.
Ana shu qoidalar asosida hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan o‘quv markazining harakatlarida qonunbuzarlik alomatlari aniqlanib, tegishli qaror va ko‘rsatma berilgan bo‘lsa-da, ixtiyoriy ravishda bajarilmagan. Natijada hududiy boshqarma fuqaro manfaatini ko‘zlab sudga da’vo ariza kiritdi. Sud da’vo talabini qisman qanoatlantirib, o‘quv markazidan iste’molchi foydasiga ko‘rsatilmagan xizmat uchun to‘langan 11 million 400 ming so‘m mablag‘ni undirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri