O‘qituvchilar Turkiyada malaka va tajriba oshirishdi
Zamonaviy ta’lim sifatini yuksaltirishning eng samarali yo‘li — xalqaro tajribani o‘rganish va uni milliy ta’lim tizimiga samarali tatbiq etishdir. Shu maqsadda Guliston davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari xalqaro malaka oshirish dasturlarida faol ishtirok etishib, o‘z kasbiy salohiyatini muntazam boyitib borishmoqda.
Jumladan, institutning Xorijiy tillar kafedrasi professor-o‘qituvchilari — pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Durdona Boqiyeva hamda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Mastona Yo‘ldasheva Turkiya Respublikasining nufuzli Boğaziçi University tomonidan tashkil etilgan xalqaro malaka oshirish dasturida muvaffaqiyatli ishtirok etib, dasturni sertifikat bilan yakunladilar.

20 soatlik xalqaro o‘quv dasturi doirasida zamonaviy ta’lim texnologiyalari, innovatsion pedagogik yondashuvlar, raqamli ta’lim muhitini samarali tashkil etish, xorijiy tajribalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirish hamda xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida ta’lim sifatini oshirish, talabalarning zamonaviy kompetensiyalarini shakllantirish, ilmiy tadqiqotlarni xalqaro standartlar asosida tashkil etish, akademik hamkorlikni kengaytirish kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa ishtirokchilarga jahon ta’lim tizimida qo‘llanilayotgan ilg‘or metodikalarni chuqur o‘zlashtirish, xorijlik olimlar bilan tajriba almashish va yangi ilmiy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.

Mazkur xalqaro malaka oshirish dasturida ishtirok etish professor-o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini yanada yuksaltirish bilan birga, Guliston davlat pedagogika institutida ta’lim sifati, ilmiy salohiyat va xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga ham xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida talabalarga jahon andozalariga mos bilim berish, raqobatbardosh pedagog kadrlar tayyorlash va ta’lim jarayoniga ilg‘or metodikalarni keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
— Turkiyaning nufuzli universitetida tashkil etilgan mazkur xalqaro malaka oshirish dasturi biz uchun nafaqat yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash, balki jahon ta’lim tizimida qo‘llanilayotgan ilg‘or pedagogik yondashuvlar bilan yaqindan tanishish imkonini ham yaratdi. Mashg‘ulotlar davomida interaktiv ta’lim usullari, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, talabalarning mustaqil fikrlashi va tanqidiy tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy metodikalarni o‘rgandik.
Eng muhimi, ushbu tajribalarni institutimiz ta’lim jarayoniga tatbiq etish orqali talabalarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash va xorijiy tillarni o‘zlashtirish samaradorligini yuksaltirish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Bu kabi xalqaro dasturlar pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish va ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Mastona Yo‘ldasheva.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri