O‘qituvchi sakkiz oyda ishga tiklandi
Fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, buzilgan huquqlarini tiklash, ayniqsa, odamlarning dardu tashvishlarini o‘zida aks ettirgan murojaatlarini ijobiy hal qilish bugungi kunda adliya idoralari oldida turgan ustuvor vazifaga aylangan.
Xususan, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi aralashuvi bilan “Oqtosh” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi muallimaning muammosi o‘z yechimini topdi.
Gap shundaki, fuqaro B. R mehnat shartnomasi bekor qilinganligidan norozi bo‘lib yozgan murojaatini o‘rganish chog‘ida ish beruvchining 2022 yil 5 yanvardagi 4-sonli buyrug‘ini qabul qilishda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 99-moddasi talablariga rioya qilinmagani aniqlandi. Amaldagi ushbu kodeksning 99-moddasi birinchi qismida xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham, ikki hafta oldin ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirib, bekor qilishga haqli ekanligi, ogohlantirish muddati tugagandan so‘ng xodim ishni to‘xtatishga haqli, ish beruvchi esa, xodimga mehnat daftarchasini berishi va u bilan hisob-kitob qilishi shartligi belgilangan.
Mazkur normaning to‘rtinchi qismi talabida esa, agar ogohlantirish muddati tugagandan keyin xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmagan va mehnat munosabatlari davom etayotgan bo‘lsa, xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi ariza o‘z kuchini yo‘qotadi, bunday holda mehnat shartnomasini shu arizaga muvofiq bekor qilishga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatilgan.
Mehnat kodeksi 107-moddasi birinchi qismida mehnat shartnomasini bekor qilish ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi va buyruq bilan rasmiylashtirilishi belgilangan bo‘lsa-da, ish beruvchining yuqorida qayd qilingan 4-sonli buyrug‘ida maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi B. R o‘z arizasiga asosan 2022 yil 11 yanvardan vazifasidan ozod etilishi belgilangan. Ish beruvchi bilan xodim o‘rtasida tuzilgan 2021 yil 30 avgustdagi 11-sonli mehnat shartnomasi ko‘rilganida B. R nomuayyan muddatga ishga qabul qilinganligi, ushbu shartnomaning 6-bandida esa, sinov muddati bir yil etib belgilanganligi ko‘rildi. Vaholanki, Mehnat kodeksi 85-moddasi birinchi qismida dastlabki sinov muddati uch oydan oshib ketishi mumkin emasligi ko‘rsatilgan.
Fuqaro murojaatida joriy yil avvalidagi buyruq bilan hozirga qadar tanishtirilmaganligi va buyruqdan nusxa berilmaganligini bildirgan. Tuman adliya bo‘limi tomonidan kiritilgan ta’sir chorasi natijasida o‘qituvchi ayol sakkiz oy deganda ishga qayta tiklandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.