O‘qish uchun yurtimizga kelgan xorijliklar soni 2,2 barobarga oshgan
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, xalqaro tajribalarni amaliyotga tatbiq etish borasida qator sa’y-harakatlar amalga oshirildi. Xususan, oliy ta’lim sohasidagi tub o‘zgarishlar, uzviy islohotlar natijasida so‘nggi yillarda o‘nlab yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi. Bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016-yilgi 8,8 foizdan 2024-2025 o‘quv yilida 47,7 foizga yetkazildi.
Quvonarlisi, yurtimiz oliygohlarida o‘qish istagidagi xorijliklar soni ham yildan-yilga ortib bormoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida 21 ming 42 nafar chet el fuqarolari o‘qish maqsadida O‘zbekistonga kelgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 11,5 ming nafarga yoki 2,2 barobarga oshgan.
Mazkur davrda O‘zbekistonga o‘qish maqsadida kelgan chet el fuqarolari soni mamlakatlar bo‘yicha tahlil qilinganda Turkmaniston — 9 ming 207 nafar, Hindiston — 3 ming 723 nafar, Tojikiston — 1 ming 915 nafar, Xitoy — 951 nafar, Qirg‘iz Respublikasi — 834 nafar, Pokiston — 689 nafar, Misr — 603 nafar, Koreya Respublikasi — 526 nafar, Filippin — 367 nafar, AQSH — 302 nafar, boshqa davlatlar — 1 ming 925 nafarni tashkil etgan.
Ushbu raqamlar mamlakatimizda oliy ta’limga qaratilayotgan e’tibor, ilmiy salohiyatni yuksaltirish, aholining oliy ta’lim bilan qamrovini oshirish borasidagi islohotlarning yuksak samarasi, deyish mumkin.
M.Komilova,
O‘zA