O‘qish savodxonligi baholanmoqda
PIRLS — bu xalqaro tadqiqot bo‘lib, u har bir ishtirokchiga mamlakatda o‘qish savodxonligini rivojlantirish darajasini solishtirish imkonini beradi. Ushbu tadqiqot doirasida to‘plangan ma’lumotlar asosida maxsus “ensiklopediya” shakllantirilib, unda turli davlatlarda o‘qish orqali o‘rganishga oid ta’lim muhiti va yondashuvlar haqida batafsil ma’lumotlar jamlanadi.
Farg‘ona shahrida "PIRLS 2026" xalqaro baholash tadqiqotining asosiy sinov jarayonlari boshlandi. Ushbu nufuzli tadqiqot dunyo miqyosida boshlang‘ich ta’lim sifati va o‘quvchilarning o‘qish savodxonligini baholashga xizmat qiladi. Farg‘onada o‘tkazilayotgan sinovlarda 17 ta maktabdan jami 646 nafar o‘quvchi ishtirok etmoqda. Shuningdek, ularning ota-onalari, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari hamda maktab direktorlari ham jarayonga jalb qilingani tadqiqotning qamrovi keng va har tomonlama ekanini ko‘rsatadi.



Qayd etish lozimki, PIRLS tadqiqoti nafaqat o‘quvchilarning matnni o‘qish va tushunish qobiliyatini baholaydi, balki ta’lim jarayoniga ta’sir qiluvchi muhim omillarni ham chuqur tahlil qiladi. Jumladan, maktab muhiti, o‘qituvchilarning ish uslubi, o‘quvchilarning o‘qishga bo‘lgan munosabati va uy sharoitidagi ta’lim muhiti maxsus so‘rovnomalar orqali o‘rganiladi. Bu esa mamlakat ta’lim tizimini yanada takomillashtirish uchun muhim ma’lumotlar bazasini yaratadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA