O‘pka saratonini davolovchi robot yaratildi
Jarrohlik sohasida innovatsion texnologiyalar, xususan, o‘ta aniqlikda ishlovchi robotlardan foydalanilishi zamonaviy tibbiyot imkoniyatlarini misli ko‘rilmagan darajada kengaytirdi.
E’tiborlisi, sun’iy idrok bilan boshqariladigan bunday qurilmalar hech qachon toliqmaydi va kuniga 24 soat davomida tanaffussiz ishlay oladi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning Lids universiteti olimlari uzoq izlanishlardan so‘ng o‘pka saratonini aniqlash va davolashda qo‘l keladigan robot yaratdi. Ushbu innovatsiya o‘pka va bronxlarning eng nozik qatlamlaridagi saraton to‘qimalaridan namuna olishga mo‘ljallangan. Qolaversa, uning yordamida xavfli o‘simtalar joylashgan nuqtalarning o‘ziga yuqori aniqlikda va samarali tarzda dori yetkazib berish mumkin. Buning uchun robotning maxsus mitti naysimon moslamasi burun yoki og‘iz bo‘shlig‘i orqali bronxial yo‘llarga kiritiladi. U yumshoq elastomerdan yasalgan va mayda magnit zarrachalari bilan jihozlangan. Shu sababli juda moslashuvchan bo‘lib, o‘pkaning murakkab burilishlari bo‘ylab ishlashga qodir.
Tadqiqot rahbari, professor Petro Valdastrining aytishicha, yangi ixtiro o‘pka kasalliklarini tekshirish va davolashda qimmatli vosita bo‘ladi. U tashxis jarayonida bemorlarning rentgen nurlaridan zararlanishiga ehtiyoj qoldirmaydi.
Mutaxassislar fikricha, robot tez orada dunyoning yetakchi klinikalarida eng og‘ir kasalliklarni muolaja qilishda keng qo‘llanila boshlaydi.
O‘zA