Onkologik kasalliklarni davolashda xalqaro hamkorlik
Samarqand shahrida Turkiy davlatlar onkologlarining II kongressi o‘z ishini boshladi.
Anjumanda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi hamda boshqa xorijiy davlatlardan kelgan 300 nafardan ortiq yetuk olimlar, soha ekspertlari, xalqaro tashkilotlar va yetakchi onkologiya markazlari rahbarlari, amaliyotchi mutaxassislar hamda mamlakatimiz vakillari ishtirok etmoqda.
Kongressning ochilish marosimida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayorov, Turkiya Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Kemal Memishoglu, Yevrosiyo onkologlari assotsiatsiyasi faxriy prezidenti Murat Dincher hamda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston onkologiya markazlari rahbarlari so‘zga chiqib, mazkur forum bugungi kunda dunyoda global ahamiyat kasb etayotgan onkologik kasalliklarning oldini olish, xastalikni erta aniqlash va davolashning samarali usullarini qo‘llashda o‘zaro tajriba almashish, bu borada hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
– Bugungi forum shunchaki ilmiy uchrashuv emas, balki umumiy tarix, qadriyatlar va yagona kelajakka intilish bilan birlashgan turkiy xalqlarning tibbiyot va ilm-fan sohasidagi birligining muhim ifodasidir, – dedi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov. – Ozarbayjonda tashkil etilgan turkiy davlatlar tibbiyot xodimlarining birinchi kongressi bu borada muhim qadam bo‘lgan edi. Endi bu hamkorligimiz Samarqandda yangi darajaga chiqishiga ishonchim komil. Onkologik kasalliklar bugungi kunda insoniyat oldidagi eng jiddiy tibbiy va ijtimoiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Unga qarshi samarali kurashish faqat xalqaro hamkorlik, ilmiy integratsiya va uyg‘un yondashuvlar asosida amalga oshiriladi. Shu jihatdan mazkur kongress doirasida turkiy davlatlar shifokorlari, olim va mutaxassislar onkologiyaning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro fikr va tajriba almashib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, vazir o‘z so‘zida keyingi yillarda mamlakatimizda onkologiya xizmatini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani va ularning natijalariga to‘xtaldi. Toshkent shahri va hududlarda zamonaviy tibbiy muassasalar tashkil etilib, xalqaro standartlarga asoslangan boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilgani, shifoxonalar so‘nggi rusumdagi tashxislash va davolash uskunalari bilan ta’minlangani va aholi o‘rtasida muntazam skrining tekshiruvlari o‘tkazish yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.
Turkiya Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Kemal Memishoglu keyingi yillarda Turkiya va O‘zbekiston davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari butunlay yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, xalqlarimizni azaliy qardoshlik aloqalari bog‘lab turishi va bu aloqalar izchil rivojlanayotganini qayd etdi.
[gallery-28657]
– Bizni umumiy tarix, uyg‘un madaniyat hamda an’ana va qadriyatlar bog‘lab turadi, – dedi Kemal Memishoglu. – Ajdodlarimiz tibbiyot sohasida ham hamkorlik qilgani haqida tarixiy manbalarda qayd etilgan va bugun bu aloqalar yangicha ko‘rinishda davom etmoqda. Xususan, onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash borasida mutaxassislarimiz o‘zbekistonlik hamkasblarimizga yaqindan yordam bermoqda, bu borada o‘zaro tajriba almashish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Binobarin, bugun tibbiyotni rivojlantirish xalqaro hamkorlik va zamonaviy texnologiyasiz bo‘lmaydi. Biz turkiy davlatlar o‘zaro hamkorlik orqali, jumladan, onkologik kasalliklarni ham samarali davolashga erishishimiz mumkin.
Kongress doirasida o‘pka va ko‘krak bezi saratoni, gastrointestinal, ginekologik hamda boshqa onkologik kasalliklar bo‘yicha ilmiy sessiyalar, mahorat darslari o‘tkazilmoqda.
Anjuman qatnashchilari Samarqanddagi tibbiy muassasalarda onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash borasida qo‘llanilayotgan ilg‘or uslublar bilan tanishishi hamda tajriba almashishi ko‘zda tutilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari