Onalar va bolalar salomatligi – eng asosiy vazifa
Mamlakatimizda keyingi yillarda aholi, xususan, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ko‘rsatilayotgan perinatal xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda Andijon viloyatida ham muayyan ishlar olib borilmoqda. Jumladan, bugungi kunda viloyatda 1 ta perinatal, 1 ta “Ona va bola” skrining, 1 ta reproduktiv salomatlik, 3 ta tumanlararo perinatal markazlari, shuningdek, 18 ta tug‘ruq kompleksi faoliyat olib bormoqda. Ushbu muassasalarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
[gallery-9480]
– Onalar va bolalar salomatligi muhofazasi tibbiyot xodimlarining eng asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi, – deydi Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Jur’atbek Quvvatov. – Mazkur yo‘nalishdagi ishlar viloyatimizda reja asosida izchil va tizimli ravishda olib borilmoqda. Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida viloyatda tug‘ilish 61 ming 941 tani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 361 taga ortgan. Bir necha yildan buyon viloyat perinatal markazida Davlat dasturi asosida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. bugungi kunga qadar markazning 100 o‘rinli bino-inshootlari rekonstruksiya qilindi, zarur jihoz va uskunalar bilan ta’minlanib, ishga tushirildi. Shuningdek, markazda kam vaznli, og‘ir holatda tug‘ilgan chaqaloqlarga malakali ixtisoslashtirilgan perinatal yordamni ko‘rsatish uchun qo‘shimcha 100 o‘rinli yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 30,2 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
Prezidentimiz tomonidan perinatal xizmat ko‘rsatishni tumanlarning o‘zida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bergan topshiriqlari asosida viloyatimizda 3 ta - Paxtaobod, Qo‘rg‘ontepa va Shahrixon tumanlarida perinatal xizmat markazlari tashkil etildi. Markazlar tarkibida alohida chaqaloqlar reanimatsiya bo‘limlari ham ochildi. Bundan tashqari, hududlardagi 17 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar qoshida bolalarga ambulator xizmat ko‘rsatuvchi bolalar bo‘limlari ish boshlaganligi ham bolalar salomatligini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Olib borilgan yuqoridagi kabi ishlar natijasida Andijonda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish borasidagi ishlar yanada yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA