Ona va bola salomatligi — hamisha dolzarb vazifa
O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2024-yil 5-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham sog‘liqni saqlash tizimidagi dolzarb masalalar qatorida mazkur yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilgan.
Yig‘ilishda har bir ona va bola o‘limiga favqulodda holat sifatida qarash, mas’uliyatni oshirish hamda tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Sirdaryo viloyatida mazkur ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida kompleks yondashuv asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida “xavf guruhi”ga kiruvchi ayollar bilan ishlash mexanizmi qayta ko‘rib chiqilib, zamonaviy tibbiy protokollar amaliyotga joriy etildi. Eng muhimi, profilaktika va erta tashxis ustuvor yo‘nalishga aylandi.

– 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, viloyat aholisi 930 ming nafardan ortiqni tashkil etadi. Ularning qariyb yarmini ayollar tashkil etishi reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish masalasining yanada dolzarbligini oshiradi, – deydi Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Gulnora Quvatova. – 2025-yil davomida tug‘ish yoshidagi qariyb 250 ming nafar ayolning 98 foizdan ortig‘i chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Ulardan 79 139 nafari, ya’ni 32,2 foiz ayolda turli xil ekstragenital kasalliklar aniqlandi. Hozirgi vaqtda ushbu ayollarning 8 968 nafari, ya’ni 11,8 foizi statsionar sharoitda, 67 125 nafari, ya’ni 88,2 foizi ambulator sharoitda sog‘lomlashtirildi. Jami ekstragenital kasalliklar aniqlangan ayollarning 76 093 nafari, ya’ni 96,2 foizi sog‘lomlashtirish choralari bilan qamrab olindi.
O‘tkazilgan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, 4 432 nafar ayolda kamqonlik, 787 nafarida buyrak kasalliklari, 489 nafarida oshqozon-ichak kasalliklari, 233 nafarida endokrin tizim kasalliklari, 544 nafarida nafas olish organlari kasalliklari hamda 80 nafarida yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan.

Bu nima degani? Demak, muammo mavjud. Va bu muammoni faqat davolash bilan emas, balki profilaktika, to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi orqali hal etish zarur.
Shu bois mazkur masalaga alohida yondashuv asosida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Bundan tashqari, nafaqat birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, balki Respublika Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati filiali, shuningdek, Sirdaryo, Yangiyer va Oqoltin tumanlararo perinatal markazlari hamda tug‘ruq bo‘limlarida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlari ham profilaktika va erta tashxis masalalariga alohida e’tibor qaratishmoqda.
– Ana shu ishlar samarasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi «Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mahallalar uyushmasining hududiy hamda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi bilan hamkorlikda joylarda “mahalla yettiligi” ishtirokida ayollar va ularning oila a’zolari o‘rtasida onkologik kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash, davolash hamda oqibatlari bo‘yicha tushuntirish ishlarini tashkil etish rejasi tasdiqlandi va tibbiyot muassasalari tomonidan izchil amalga oshirib kelinmoqda, – deydi Gulnora Quvatova.
Bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash maqsadida 2025-yil davomida Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchi 30-55 yoshdagi 85 525 nafar ayol skrining tekshiruvidan o‘tkazildi va ular orasidan 62 nafar ayolda saraton kasalligi aniqlandi. Sut bezi saratonini erta aniqlash bo‘yicha esa 62 286 nafar ayol mammografik skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilib, natijada 127 nafar ayolda kasallik erta bosqichda aniqlandi hamda ularning barchasi to‘liq sog‘lomlashtirildi.
Bolalar salomatligini muhofaza qilish, ularning sog‘lom o‘sishi va rivojlanishini ta’minlash maqsadida profilaktik tibbiy ko‘riklar hamda milliy emlash taqvimiga muvofiq emlash tadbirlari to‘liq qamrovda amalga oshirib kelinmoqda. Shuningdek, bolalar o‘rtasida yuqumli va yuqumsiz kasalliklarning oldini olish, sog‘lom ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha profilaktik ishlar izchil davom etmoqda.
Masalan, Sirdaryo viloyatida jami 147 362 nafar 0–18 yoshdagi bolalarning 146 422 nafari, ya’ni 99,4 foizi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 51 226 nafar bola “D I”, 31 402 nafar bola “D II”, 3 061 nafar bola esa “D III” dispanser guruhiga ajratildi.
Kasallik aniqlangan 26 167 nafar bolaning barchasi sog‘lomlashtirildi. Ularning 23 620 nafari ambulator, 1 822 nafari statsionar va 444 nafari sanatoriy sharoitida davolandi.
Bolalarda onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash maqsadida 3–18 yoshdagi 244 487 nafar bola ommaviy skrining tekshiruvidan to‘liq o‘tkazildi. Shuningdek, 3 038 nafar bola selektiv tekshiruvga jalb etildi va natijada 35 nafar bolada onkogematologik kasalliklar erta bosqichda aniqlandi.
Gelmintoz kasalliklarini erta aniqlash bo‘yicha 2-10 yoshdagi 165 389 nafar bolaning 134 894 nafari skrining tekshiruvidan o‘tkazildi. Tekshiruv natijasida 2 577 nafar bolada gelmintoz kasalligi aniqlanib, ular sog‘lomlashtirildi.
Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan mazkur yo‘nalishda aholi salomatligini muhofaza qilish, oilalarni qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom avlodni tarbiyalashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda mahallalarda profilaktik tadbirlar, aholi bilan uchrashuvlar, tibbiy maslahatlar va keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
2025-yilda viloyatdagi 221 ta mahallada “Sog‘lom oila maslahatxonasi” tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ularning 54 tasi faoliyat boshladi. Maslahatxonalarda haftaning har kuni reja-grafik asosida suhbatlar va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Mahallalarda “Reproduktiv salomatlikning asosiy tamoyillari”, “Sog‘lom oilani shakllantirish”, “Erta turmush va erta homiladorlikning salbiy oqibatlari”, “Istalmagan homiladorlik”, “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh”, “Tug‘ma va irsiy kasalliklarga chalingan bolalar tug‘ilishining oldini olish” mavzularida aholining tibbiy savodxonligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari hamda fuqarolar bilan davra suhbatlari o‘tkazib kelinmoqda.
Hozir viloyatda 3 ta tumanlararo perinatal markaz, 6 ta tug‘ruq kompleksi, 10 ta markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika va 45 ta oilaviy poliklinika aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash hamda qo‘shimcha o‘rinlar yaratish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda.
– Onalar salomatligi bilan bir qatorda bolalar salomatligini muhofaza qilish ham alohida e’tibor markazida, – deydi Gulnora Quvatova. – Viloyatda 0–18 yoshli bolalarning qariyb 100 foizi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha ular to‘liq sog‘lomlashtirildi.
Bunda onkogematologik va parazitar kasalliklarni erta aniqlashga qaratilgan skrining dasturlari sezilarli natija bermoqda. Shuningdek, mahallalarda tashkil etilgan “Sog‘lom oila maslahatxonasi” aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirishda muhim o‘rin tutmoqda. Bu yerda fuqarolarga reproduktiv salomatlik, erta nikohning salbiy oqibatlari, sog‘lom turmush tarzi hamda oilaviy munosabatlar madaniyati bo‘yicha tushunchalar berib borilmoqda.
Bu kabi chora-tadbirlar onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, erta tug‘ruqlar va nogironligi bo‘lgan chaqaloqlar tug‘ilishining oldini olishda samara bermoqda. Xususan, qisqa oraliqdagi tug‘ruqlar, ko‘p marotabalik tug‘ruqlar hamda yuqori yoshdagi ayollar orasidagi tug‘ruqlar soni bundan besh-olti yil avvalgi davrga nisbatan sezilarli darajada kamaygan.
Muhimi, ona va bola salomatligi — bu bir kunlik yoki bir yillik vazifa emas. Bu uzluksiz, tizimli va hamjihatlikda amalga oshiriladigan jarayondir. Chunki sog‘lom avlod shunchaki shior emas, balki kelajak masalasidir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri