Ona tiliga mehr uyg‘otayotgan muallima
21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni
Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 7-ixtisoslashgan umumta’lim maktabining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Mavjuda Sulaymonova 23 yildirki, o‘quvchilari qalbida ona tilimizga muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otib kelmoqda.

Muallimaning saboqlarini olayotgan o‘nlab o‘quvchilari bugun ustozining izidan borib, yoshlarga ona tili va adabiyoti fanidan dars bermoqda.
O‘quvchilari orasida fan olimpiadalari va turli tanlovlar g‘oliblari ham bor. 2019-2020 o‘quv yilida iqtidorli o‘quvchilaridan biri Gulrux Sattorova “O‘zbek tilim – iftixorim” insholar tanlovining viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi, 2021-2022 o‘quv yilida fan olimpiadasining respublika bosqichida sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi. Kamola Jamolova esa 2022-2023 o‘quv yilida “O‘zbek tilim – iftixorim” insholar tanlovining respublika bosqichida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, “Eng kitobxon o‘quvchi”, “Kunda 20 daqiqa kitob bilan” tanlovlari, “Konstitutsiya–erkinligimiz kafolati” insholar tanlovlarining tuman va viloyat bosqichlarida ham muallimaning o‘quvchilari har yili yuqori o‘rinlarni egallamoqda.

– Ayni paytda yosh avlodga ona tilidan saboq berayapman, – deydi Mavjuda Sulaymonova. – Ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash bilan bir qatorda tumanda tashkil etilgan “Mahorat maktabi”da yosh o‘qituvchilarga mahorat darslarini o‘tayapman.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri