Ona tiliga ehtirom, e’tibor har kuni bo‘lishi kerak
21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami Farg‘ona viloyatida ham keng nishonlanmoqda. O‘zbek adabiy tilining asoschisi, buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning Farg‘ona shahridagi haykali yonida tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Bayram tadbirini ochib bergan Xayrullo Bozorov ona tilining inson hayotida tutgan o‘rni, yurtimizda so‘nggi yillardagi o‘zbek tilining obro‘-e’tiborini tubdan oshirish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib, Prezidentimizning alohida e’tiborlari natijasida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishilayotganini qayd etdi.
[gallery-14142]
–Insonni inson qilib turadigan eng birinchi belgi ham so‘z – tildir, – deydi Farg‘ona davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Sidiqjon Mo‘minov. – U tirikni o‘ldirishi, o‘likni tiriltirishi mumkin. Bugunning qadriga yetish uchun kechadan xabardor bo‘lish lozim. O‘tmishini, tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo‘lmaydi. Shu ma’noda o‘zining o‘ttiz to‘rt yillik to‘yini nishonlashga hozirlik ko‘rayotgan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan sana yaqinlashgan sari bu tarixiy voqea osonlikcha ro‘y bermaganligi yodimizga kelaveradi. Hozir 50-60 yoshdan kichik bo‘lgan avlod bu jarayonda ishtirok etmaganligini va shu bois ham tilimizga davlat tili maqomi shunchaki berilib qolmaganligini bot-bot ta’kidlab aytgim kelaveradi. Zero, biz shunday kunlarni ko‘rdik: o‘z uyimizda ona tilimizni qo‘yib begona tilda gaplashdik, o‘z idoralarimizda begona tilda tushunib-tushunmay qog‘ozlar qoraladik, hattoki ona tilimiz jozibalarini ochib berishga bag‘ishlangan ilmiy ishlarimizni ham o‘zga tilda yozishga majbur bo‘ldik. Ona tili ma’naviyatimizning asosi, milliy o‘zligimiz timsoli ekanligini unutmasligimiz kerak.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tilning jamiyatda tutgan o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritdi. O‘zbek tilini ulug‘lovchi she’rlar yangrab, Alisher Navoiy siymosi sahnalashtirilgan chiqishlar namoyish etildi, o‘zbek tilining asoschisi haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
M.Sulaymonov, O‘zA
M.Qodirov olgan suratlar