Ona tili muallimasi
Maktabning birinchi sinfiga qabul qilingan bolalar bilan yaqindan tanishayotgan o‘qituvchi “Qani, kim nimani biladi, orangizda harf taniganlar, sanoq o‘rganganlar bormi?” deb so‘radi. Bolalar bir-biriga navbat bermay chug‘urlab ketishdi. O‘qituvchi bolalarga darsda javob berish qoidalarini o‘rgatgach, birinchi bo‘lib qo‘l ko‘targan Ra’noni turg‘azdi.
Maktabning birinchi sinfiga qabul qilingan bolalar bilan yaqindan tanishayotgan o‘qituvchi “Qani, kim nimani biladi, orangizda harf taniganlar, sanoq o‘rganganlar bormi?” deb so‘radi. Bolalar bir-biriga navbat bermay chug‘urlab ketishdi. O‘qituvchi bolalarga darsda javob berish qoidalarini o‘rgatgach, birinchi bo‘lib qo‘l ko‘targan Ra’noni turg‘azdi.– Men harfdan ko‘ra ko‘proq she’r bilaman, aytsam maylimi, – dedi Ra’no.
O‘qituvchi tasdiq ishorasini bildirgach, qizaloq “Ona tilim” degan she’rni yoddan aytdi. O‘quvchining yoshiga nisbatan “katta”, buning ustiga, o‘sha davr uchun biroz qaltis mavzuda she’r aytishini kutmagan muallima hayratda qolgan bo‘lsa-da, uni olqishladi: “Barakalla, qizim, yaxshi o‘qisang katta shoira bo‘lasan”.
– Yo‘q, men muallima bo‘laman...
Ra’no bu gapni maktabda, oila davrasida yana ko‘p marta aytdi. Ulg‘aygani sari bu orzusi shunchaki havas emas, ezgu maqsad ekani ayon bo‘lib bordi...
Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidagi 21-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Ra’no Yo‘ldosheva o‘quvchilari kelajakda qaysi kasbni egallashni aytishganida, ko‘pincha, o‘zining bolaligini yodga olib, kasbga mehr bolalikdan paydo bo‘lishi va bu mehrni qat’iy maqsadga aylantira olish o‘quvchining ishtiyoqi, o‘qituvchining mehnati va ota-onaning e’tiboriga bog‘liq ekanini ta’kidlaydi.
– O‘qituvchilar oilasida tug‘ilganim va oiladagi ma’naviy muhit shu kasbni tanlashimning asosi bo‘lgan, – deydi Ra’no Yo‘ldosheva. – Bolaligimdan kitobga oshno bo‘lganim, adabiyotni sevganim va ustozlarimning darsni mahorat bilan o‘tishi, shaxsiy ibratlari meni butunlay sehrlab qo‘ygandi. Shuning uchun maktabni bitirgach, oliy o‘quv yurtida ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldim. Taniqli ustozlarning saboqlaridan, mumtoz adabiyotimizning bebaho ma’naviy boyliklaridan bahramand bo‘ldim. Mana, o‘ttiz yildirki, o‘quvchilarim, shogirdlarimga o‘zbek tili va adabiyotining o‘ziga xos jilosi, serqirra tomonlarini o‘rgatishga harakat qilaman.
Ra’no opa ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lsa-da, izlanishdan to‘xtamaydi. Har bir darsda yangi gap aytishga, zamonaviy o‘qitish uslublaridan foydalanishga harakat qiladi. O‘z tajribasi va bugungi kun talablaridan kelib chiqib yaratgan o‘nlab uslubiy qo‘llanma va tavsiyalari viloyatdagi ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonida keng foydalanilmoqda. Muallimaning viloyat va respublika nashrlari, ilmiy to‘plamlarda chop etilgan “O‘zbek tili – millatimiz ko‘rki”, “Erkin Vohidov she’rlaridagi iboralarni o‘rganishda interfaol usullarning o‘rni”, “Uzluksiz ta’lim jarayonida o‘quvchilarda milliy g‘ururni shakllantirishda madaniy merosning o‘rni” kabi yigirmaga yaqin maqolalari ta’lim samaradorligini oshirishning muhim yo‘nalishlariga bag‘ishlangan.
Ustoz murabbiyning mehnati mahsuli shogirdlarining kamoli, yutuqlarida namoyon bo‘ladi. Bugungi kunda Ra’no opaning o‘ttizga yaqin sobiq o‘quvchisi uning izidan borib, ta’lim muassasalarida ona tili va adabiyoti fanidan saboq bermoqda. Ular orasida fan doktorlari, nomzodlari borligi Ra’no opaning o‘quvchilarida ilm-fanga mehr va qiziqish uyg‘ota olganidan dalolat beradi. Darvoqe, o‘tgan o‘quv yilida o‘quvchilari Nilufar Abduraimova 5-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan ona tili va adabiyoti fanidan bilimlar bellashuvining mamlakat bosqichida ikkinchi o‘rinni, Dilnoza Asrayeva “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida uchinchi o‘rinni egalladi.
– Ra’no opa maktabimizning faxri, yosh pedagoglarning yaqin maslahatgo‘yi va mehribon ustozi, – deydi Paxtachi tumanidagi 21-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, Xalq ta’limi a’lochisi Gulsanam Vafoyeva. – Muassasamizda “Ustoz-shogird” an’analarini izchil davom ettirish, yosh o‘qituvchilarga tajribali murabbiylarni biriktirib, ish o‘rgatishda uning xizmatlari beqiyos. Bundan tashqari, R.Yo‘ldosheva 1990-yildan buyon ona tili va adabiyoti fani uslub birlashmasi raisi, ushbu fan bo‘yicha tuman tayanch maktabi hamda “Mahorat maktabi” rahbari sifatida samarali mehnat qilmoqda. O‘quvchilar bilan olib boriladigan tarbiyaviy ishlar ta’sirchanligini oshirish, bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida maktabimizda “Ifodali o‘qish”, “Chiroyli yozuv” kabi to‘garaklar tashkil etilgan. Iqtidorli o‘quvchilar uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tiladi. Barchamiz Ra’no opaning ish uslubi, fidoyiligiga havas qilamiz.
Darvoqe, Prezidentimiz farmoniga muvofiq, Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligi arafasida Ra’no Yo‘ldosheva “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
– Dastlab shogirdlarim qo‘ng‘iroq qilib, tabriklashganda ko‘z yoshlarimni tiyolmadim, – deydi opa. – Bu quvonch yoshlari bo‘lish barobarida qalbimning tub-tubidagi armonlarim tomchisi edi. Institutni bitirib, maktabda ish boshlagan davrimda, ya’ni o‘tgan asrning saksoninchi yillarida ona tili va adabiyotimizga munosabat, uni o‘qitishdagi turli to‘siqlar yuragimga og‘ir botgan. O‘z ona tiling, uning beqiyos imkoniyatlari haqida g‘ururlanib gapirolmasang, bilganingni yoshlarga o‘rgata olmasang, bundan yomoni bo‘lmas ekan. 1989-yilda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani yurtimiz tarixining yangi davri boshlanayotganidan nishona edi. Prezidentimizning mislsiz jasorati va qat’iyati tufayli Vatanimiz mustaqillikka erishishi, buyuk kelajak sari barcha sohalarda tub islohotlar boshlanishi hayotimizga mazmun olib kirdi, ertangi kunga ishonch uyg‘otdi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi davlatimiz tanlagan yo‘l va siyosatga mos zamonaviy ta’lim tizimini yaratishga asos bo‘ldi. Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi asosida yurtimizdagi ta’lim muassasalarida farzandlarimizning hech kimdan kam bo‘lmagan holda ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratildi. O‘qituvchining jamiyatdagi o‘rni va mavqei mustahkamlandi, mehnatimiz qadr topdi. Albatta, shuncha e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban shijoat bilan, butun borlig‘imizni berib mehnat qilishimiz kerak-da. Menga berilgan bu yuksak mukofotni davlatimiz tomonidan bizning mehnat qilishimiz, o‘quvchilarimiz iqtidorini namoyon etishi uchun yaratilgan imkoniyatlar samarasi, deb bilaman.