Ona tili – millat ruhi
21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
Har bir millat boshqalardan o‘zining ona tili va urf-odatlari bilan farq qiladi. Milliy tilning yo‘q bo‘lishi millatning yo‘q bo‘lishi demakdir.

Shu sababli ham mamlakatimizda o‘zbek tilining nufuzini ko‘tarish masalasiga alohida ahamiyat beriladi. Xususan, Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 18 sentabr kunidagi 199-sonli ko‘rsatmasida ham tizimdagi tashkilotlar va ta’lim muassasalarida til bayramini munosib nishonlashga alohida e’tibor qaratilgan.
IIV Sirdaryo akademik litseyida millatimiz o‘zligining yaqqol ifodasi bo‘lgan ona tilimizga davlat tili maqomi berilishining qonuniy asosi bo‘lgan Davlat tili to‘g‘risidagi Qonun qabul qilinganining 32 yilligiga bag‘ishlab “Til bilimdonlari” intellektual viktorinasi tashkil etildi. Ushbu viktorina litsey o‘quvchilarining zukko va bilimdonliklarini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi mutaxassislari, shoir va yozuvchilar, o‘qituvchilar ishtirok etib, o‘quvchilar bilimiga baho berdi. Bebaho qadriyatimiz bo‘lgan ona tilimizning go‘zalligi, boyligi, ahamiyati haqida ma’lumotlar berildi. O‘quvchilar ijrosidagi she’r va qo‘shiqlar kechaga o‘zgacha shukuh baxsh yetdi.
Tadbir yakunida faol qatnashgan ishtirokchilarga kitoblar jamlanmasi va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA