Ona allasidek yoqimli qo‘shiq (+video)
Dunyoda shunday qo‘shiq borki, u ona allasidek yoqimli. U yangraganda ko‘ngillar orom oladi, mudroq qalblar sergaklanadi, qalblar hayajonga to‘ladi. Bu qo‘shiq yangraganda katta-yu kichik beixtiyor kuylay boshlaydi. Bu shubhasiz ulug‘ va ulkan qudratga ega davlatimiz madhiyasidir.
Joriy yilning 10 dekabr sanasida davlatimiz madhiyasi qabul qilinganligiga 30 yil to‘ldi. 30 yildirki madhiya har tong yangraydi. Farzandlarimiz har tong madhiyamiz sadolari ostida maktabga qadam qo‘yadi.
Shu kunlarda barcha joylarda – korxona, tashkilot va muassasalarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganining 29 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Darhaqiqat, davlatimiz madhiyasi barchamizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalaydigan, o‘tmishimiz va kelajagimizga chuqur hurmatni shakllantiradigan vosita sanaladi. Uning har bir satrida xalqimizning ezgu orzu-umidlari, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchligimiz va o‘zaro birdamligimiz o‘z ifodasini topgan.
Madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi bo‘lib, har bir O‘zbekiston fuqarosi, shuningdek, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham unga hurmat bajo keltirishi shart. Bu qonunda belgilab qo‘yilgan. Madhiyamiz yangraganda har bir yurtdoshimiz qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi yanada jo‘sh uradi. Shu aziz va muqaddas yurtni har tomonlama himoyalash, uning gullab-yashnashi uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solib mehnat qilishimiz lozimligini teranroq his qila boshlaymiz. Madhiyamiz har birimizni yangi marralar sari yetaklaydi va kuch-quvvat bag‘ishlab, yanada ruhlantiradi.
<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/rjUkie3jdL0" title="Ona allasidek yoqimli qo‘shiq" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Abduvali Bo‘riyev, O‘zA