O‘n yillik islohotlar: xalq va davlat o‘rtasida mustahkam ko‘prikka aylangan mahalliy Kengashlar
O‘n yil – tarix tarozisi, qolaversa, mustaqil O‘zbekistonimizning 35 yillik bosib o‘tgan yo‘li fonida kichik bir fursat bo‘lib tuyulishi mumkin. Biroq, ushbu davrda amalga oshirilgan olamshumul islohotlar va erishilgan beqiyos natijalar ko‘lamiga nazar tashlasak, so‘nggi o‘n yillik mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyot tarixida tub burilish va yangi uyg‘onish davri sifatida muhrlanganiga amin bo‘lamiz.
Bu yutuqlarni aholimizning kundalik turmush tarzidagi ijobiy o‘zgarishlar, daromadlarning ortishi, davlatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va xorijiy ekspertlarning yuksak e’tirofida yaqqol ko‘rish mumkin. Xususan, o‘tgan davrda barcha soha va tarmoqlarda keng ko‘lamli yangilanishlar amalga oshirildi. Shubhasiz, bunyodkorlik va islohotlarning markazida davlatimiz rahbarining oqilona, qat’iyatli va uzoqni ko‘zlagan tashabbuslari turibdi.
Albatta, bu qisqa, ammo mazmunan o‘ta boy davrda erishilgan ulkan yutuqlarni bitta maqola doirasida to‘liq qamrab olishning imkoni yo‘q. Shu bois, mamlakatimizda demokratik tamoyillarni chuqurlashtirish va “xalq hokimiyati” tamoyilini hayotga tatbiq etishda muhim bo‘g‘in hisoblangan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini takomillashtirish borasidagi tub o‘zgarishlar hamda ularning huquqiy-amaliy ahamiyatiga to‘xtalib o‘tishni lozim topdim.
Xalq vakili sifatida ochiq aytishim kerakki, ilgari mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi muammolarini hal etishdagi o‘rni ko‘proq rasmiy xarakterga ega edi. Masalan, 2017-yilga qadar mahalliy Kengashlarning vakolatlari 20 taga ham yetmasdi. Bu esa deputatlarning o‘z saylovchilari oldidagi va’dalarini to‘liq bajarishiga hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatishiga jiddiy to‘siq bo‘lib kelgan.

Shubhasiz, so‘nggi o‘n yillikdagi izchil islohotlar natijasida xalq vakillarining bu boradagi huquq va imkoniyatlari keskin kengaytirildi. Jumladan, mahalliy Kengashlarning vakolatlari qariyb olti barobarga ko‘payib, 120 tadan oshdi. Xususan, ularga mahalliy byudjetni shakllantirish hamda uning ijrosini nazorat qilish, shuningdek, mahalliy soliq va yig‘imlar stavkalarining chegaralangan miqdorlarini belgilash bo‘yicha mutlaqo yangi, mustaqil huquqlar berildi.
Eng muhimi, mahalliy byudjetni shakllantirishda fuqarolarning bevosita ishtirokini ta’minlaydigan “Tashabbusli byudjet” tizimi chinakam xalqchil amaliyotga aylandi. Bugungi kunda mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan aholi tomonidan ilgari surilgan va ovoz berish jarayonlarida g‘olib chiqqan eng dolzarb loyihalarni moliyalashtirish bevosita mahalliy Kengashlar qarori bilan tasdiqlanmoqda. Bu esa har bir so‘mning qayerga sarflanishini aholining o‘zi hal etishi va deputatlar orqali uni qat’iy nazorat qilishini ta’minlamoqda.
Shu bilan birga, ijro hokimiyatining xalq vakillari oldidagi hisobdorligi tubdan kuchaytirildi. Hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash ahvoli bo‘yicha ichki ishlar hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarining mahalliy Kengashlar oldida davriy hisobot berish tartibi qat’iy yo‘lga qo‘yildi.
Ilgari tumandagi prokuratura, ichki ishlar yoki soliq idorasi rahbarlarining faoliyatiga oddiy fuqaro u yoqda tursin, hatto mahalliy kengashlar deputatlari ham aralasha olmas, bu idoralar faqat yuqori turuvchi organlarga hisob berar edi. Bugun esa mutlaqo yangi – ochiqlik, shaffoflik va talabchanlik davri keldi. Hududlarni kompleks rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan hokim, prokuror, IIB va soliq rahbarlari har chorak yakunida mahalliy Kengash sessiyalarida shaxsan hisob bermoqda. Deputatlar ularning faoliyatiga ochiqdan-ochiq “qoniqarli” yoki “qoniqarsiz” deb baho berib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari”ni tasdiqlamoqda. Bu – chinakam xalq nazoratining amaldagi ko‘rinishidir.
Shuningdek, 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan “Harakatlar strategiyasi” doirasida siyosiy partiyalar deputatlik guruhlarining huquq va vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu esa Kengashlarda partiyalararo sog‘lom raqobat va siyosiy muhokamalar muhitini tubdan jonlantirdi.
E’tiborli jihati, mahalliy Kengashlardagi siyosiy partiyalar guruhlari shunchaki kuzatuvchi yoki formal birlashmaga aylanib qolmadi. Bugungi kunda ular tuman yoki shahar hokimi lavozimiga nomzod ko‘rsatilganda, uni tasdiqlashdan oldin aynan partiya guruhlari bilan qizg‘in maslahatlashuvlar o‘tkazish, hatto o‘z ishini eplay olmagan rahbarlarga nisbatan qat’iy tanqidiy xulosa berib, lavozimidan ozod etish bo‘yicha tashabbus ko‘tarish huquqiga ega bo‘ldi. Qolaversa, quyi bo‘g‘in – tuman Kengashlarida faollik ko‘rsatib, el tanigan jonkuyar deputatlarning keyinchalik viloyat Kengashi yoki yuqori palataga yo‘l olishi uchun mustahkam kadrlar zaxirasi shakllantirilgani – siyosiy liftlar qanchalik shaffof va to‘g‘ri ishlayotganini ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, uzoq yillar davomida vakillik organlarining eng zaif nuqtasi – ularning tashkiliy-texnik jihatdan hokimliklarga qaramligida edi. Kengashning ish yuritishi, sessiya kun tartibini tayyorlash, qaror loyihalarini ishlab chiqish bevosita hokimlik apparati xodimlari tomonidan amalga oshirilgan. Bunday sharoitda mustaqil deputatlik nazorati haqida gapirish imkonsiz edi.
Ushbu tizimli muammoga barham berish maqsadida dastlab 2018–2019-yillarda Toshkent shahrida namunaviy tajriba o‘tkazildi. Sinov o‘zini to‘la oqlagach, 2020-yil 15-sentabrda qabul qilingan tegishli qonunga muvofiq, mamlakatimizdagi barcha viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlarida hokimlikdan mustaqil faoliyat yurituvchi, alohida yuridik shaxs maqomiga hamda o‘z shtat birliklari, moliyaviy va tashkiliy-texnik ta’minotiga ega bo‘lgan Kengash kotibiyatlari tashkil etildi. Bu bilan vakillik organining ijro hokimiyatiga tobeligiga butunlay chek qo‘yildi.
Shuningdek, 2021-yil 1-dekabrdan boshlab mahalliy Kengashlar sessiyalarini OAV va internet, xususan ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn uzatish amaliyoti joriy etildi. Qabul qilinayotgan har bir qarorning ochiq e’lon qilinishi bo‘yicha qat’iy talablar o‘rnatildi.
Ushbu islohotning amaliyotga tatbiq etilishi jamiyatda shaffoflikni ta’minlab, saylovchilar va mahalliy davlat hokimiyati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda mustahkam ishonch ko‘prigini yaratdi. Endilikda fuqarolar va ijtimoiy faollar o‘z hududiga oid muhim masalalar, byudjet taqsimoti va qarorlar qanday qabul qilinayotganini bevosita kuzatish, o‘zlari saylagan deputatlarning sessiyalardagi faolligi hamda tashabbuskorligini xolisona baholash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu holat mahalliy ijro va vakillik organlarining mas’uliyati va hisobdorligini bir necha barobarga oshirib, yashirin kelishuvlar va korrupsiyaviy xavflarning oldini olishga hamda jamoatchilik nazoratini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, bugungi kunda muammolar va strategik qarorlar shinam kabinetlarda, yopiq eshiklar ortida qabul qilinmayapti. Aksincha, ular bevosita quyidan, aholining xohish-irodasi va kundalik ehtiyojlaridan kelib chiqib shakllantirilmoqda. Masalan, zamonaviy raqamli texnologiyalar platformasi – “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portali orqali faol fuqarolarimiz tomonidan ilgari surilgan dolzarb tashabbuslar mahalliy Kengashlarda majburiy tartibda ko‘rib chiqilishi qonuniy jihatdan qat’iy mustahkamlandi. Shuningdek, mahalla raislariga o‘z hududidagi og‘riqli masalalarni bevosita tuman yoki shahar Kengashi sessiyalari muhokamasiga kiritish huquqi berildi. Bunday tizimli yangilanish har bir mahallaning ovozi yuqori vakillik minbarlarida yangrashini va muammolarning joyida hal etilishini ta’minlamoqda.
Shu bilan birga, 2023-yil 30-aprelda o‘tkazilgan umumxalq referendumida qabul qilingan Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mahalliy davlat hokimiyatini isloh qilishda yangi davrni boshlab berdi.
Jumladan, Konstitutsiya darajasida mustahkamlangan tarixiy o‘zgarish, bu shubhasiz, hokim va Kengash raisi maqomining ajratilishi bo‘ldi. Asosiy Qonunimizning 120-moddasiga asosan, hokim bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligi qat’iy belgilab qo‘yildi. Ilgari hokim bir vaqtning o‘zida ham ijro organi rahbari, ham o‘zini nazorat qiluvchi vakillik organi raisi bo‘lib, bu holat ochiqdan-ochiq manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarar edi.
Shuningdek, Kengashga deputatlar orasidan saylanadigan Rais boshchilik qilishi belgilandi. Vakillik organining xolisligini ta’minlash maqsadida Kengash raisi o‘z vazifasini bajarish davrida siyosiy partiyaga a’zoligini to‘xtatib turishi shartligi mustahkamlandi. Viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda Kengash raislari ayni bir hududda surunkasiga ikki muddatdan ortiq ushbu lavozimni egallashi mumkin emasligi bo‘yicha qat’iy cheklov o‘rnatildi.
Islohotlarning uzviy davomi sifatida mahalliy Kengashlarga o‘z hududida “Kengash tekshiruvi” o‘tkazish vakolati berildi. Doimiy va muvaqqat komissiyalarning faoliyat doirasi kengaytirilib, korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlikni ta’minlash, ijtimoiy va agrar sohalardagi nazorat kuchaytirildi. Deputatlik so‘rovlariga javoblar majburiy tartibda Kengash sessiyalarida muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilinishi yo‘lga qo‘yildi.
Qolaversa, so‘nggi yillarda hududlarda davlat tashqi qarzi hisobidan amalga oshiriladigan yirik loyihalarning ham mahalliy Kengashlar bilan majburiy tartibda kelishilishi joriy etildi. Ilgari chetdan jalb qilinadigan yirik mablag‘lar taqdiri faqat yuqori idoralarda hal etilar edi, hozir esa har bir hududga yo‘naltirilayotgan tashqi investitsiya va qarz mablag‘larining maqsadli hamda samarali ishlatilishi bevosita mahalliy deputatlarning qat’iy nazorati ostiga olindi.
2025-yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoni xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar xususan, “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyilini ro‘yobga chiqarishda muhim qadam bo‘ldi. Ushbu farmon orqali 33 ta funksiya va vakolat ijro hokimiyatidan mahalliy Kengashlarga o‘tkazildi.
E’tiborli jihati, mazkur Farmon bilan taqdim etilgan keng imkoniyat va imtiyozlar nafaqat mahalliy Kengashlarning tashabbuskorligini oshirish hamda ularni aholi muammolarini hal etishda yanada ta’sirchan va mustaqil organga aylantirishga, shu bilan birga, bevosita xalqimiz va tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgandir.
Misol uchun, amaldagi tartib bo‘yicha viloyat yoki tuman markazidagi eski korxona binosini ijaraga berish va ijara stavkasini belgilash hokimlar vakolatida bo‘lib kelgan. Ba’zan hokimlarning vaqti va kayfiyatiga qarab bu jarayon uzoq vaqt talab qilar edi. Endi bu jarayon mahalliy Kengashlarda ko‘pchilik ovozi bilan hal bo‘ladi. Deputatlar o‘sha hududdagi bozor sharoiti, tadbirkorlar salohiyati va ehtiyojlardan kelib chiqib, ijara to‘lovining eng kam stavkasi bo‘yicha o‘zlari qaror qabul qiladi. Bu – xalqchil boshqaruv sari tashlangan navbatdagi amaliy qadamdir.
Shuningdek, yana bir vakolatga ko‘ra, mahalliy Kengashlar ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirishga mas’ul etib belgilandi. Endilikda, deputatlar tomonidan mazkur toifadagi fuqarolarni ishga joylashtirish uchun har bir tashkilotda eng kam ish o‘rinlari soni belgilanib, ma’lum bir ish o‘rni zaxiraga qo‘yiladi va ularga faqat ijtimoiy himoyaga muhtojlar insonlargina joylashtiriladi. Bu aholi daromadini oshirish hamda kambag‘allikni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, so‘nggi o‘n yillikdagi tizimli va chuqur islohotlar jamiyatning vakillik organiga bo‘lgan qarashlarini hamda deputatlarning siyosiy-ijtimoiy maqomini tubdan o‘zgartirdi. Ilgari saylovchilar va keng jamoatchilik ko‘z o‘ngida deputat deganda kun tartibiga kiritilgan masalalarga shunchaki “qo‘l ko‘tarib”, ijro organi tomonidan tayyorlangan qarorlarni formal tasdiqlab beruvchi shaxs gavdalangan bo‘lsa, bugun bu borada butunlay yangi manzara va sog‘lom muhit shakllandi.
Endilikda mahalliy Kengashlar va deputatlar o‘z saylovchilari hamda hudud manfaatlarini qat’iy himoya qiladigan, ijro hokimiyati rahbarlari oldiga dolzarb va aniq masalalarni qo‘ya oladigan haqiqiy xalq vakillariga aylandi. Bugungi kun deputati aholi muammolarini bevosita joyida hal etish bilan birga, o‘z siyosiy partiyasining dasturiy maqsad va vazifalarini amaliyotga izchil tatbiq etadigan, ijro organi ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshiruvchi yetakchi kuchga aylandi.
Farrux ABDUHAMIDOV,
Xalq deputatlari
Arnasoy tumani Kengashi deputati,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi eksperti.
O‘zA