Omonqo‘tonga “Turizm qishlog‘i” maqomi berildi
Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Taxtiqoracha dovoni o‘tgan Omonqo‘ton qishlog‘ini bilmaydigan, uning go‘zal tabiati, musaffo havosidan bahramand bo‘lmagan kishi bo‘lmasa kerak. Tog‘lar orasidagi, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi bu maskan doimo mahalliy va xorijlik sayyohlar bilan gavjum.
Qishloqda 3 ming 500 nafardan ziyod aholi yashaydi. Hududning joylashuvi va imkoniyatidan kelib chiqib turizm asosiy drayver sifatida belgilangan. Ayni paytda mahallada 40 dan ortiq dam olish maskani, mavsumiy hordiq chiqaradigan joylar, 30 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi mavjud. Bu yil yana 20 gektar maydonda yirik turizm loyihasi amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 29 noyabrdagi “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida viloyatning 9 tuman va shahridagi 14 ta qishloq, mahalla qatorida Omonqo‘tonga ham “turizm qishlog‘i” maqomini berish belgilangan edi.

Mazkur qaror asosida hududda turizm qishlog‘i maqomiga erishish uchun zarur imkoniyat va sharoitlar yaratildi. Omonqo‘tonda turistik ob’ektlar qurish, infratuzilmani yaxshilash maqsadida maxsus reja ishlab chiqildi. Rejaga ko‘ra, hududda sog‘lomlashtirish va dam olish maskanlari, mehmonxonalar, turistik ob’ektlar tashkil etildi va bu ishlar davom etmoqda. Kuni kecha Omonqo‘tonga turizm qishlog‘i maqomi berishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Marosimda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, turizm qo‘mitasi mas’ullari hamda qishloq aholisi ishtirok etdi. Viloyat rahbari Omonqo‘ton mahallasi Samarqand viloyatidagi eng katta va tashrif buyuruvchilar soni ko‘pligi bilan ajralib turadigan hudud ekanligini ta’kidladi. Mahallaga yoz mavsumida bir kunda 5-10 ming nafargacha dam oluvchilar va sayyohlar keladi. Hududning bahavo tabiati, baland tog‘lari, soyidan oquvchi zilol suvi kishini jalb qiladi. Mahallaga tashrif buyuruvchilar uchun bir qator qulayliklar yaratish maqsadida infratuzilma yaxshilandi. Hozirgi kunda 50 dan ortiq oilaviy mehmon uyi, kapsulali joylashtirish vositalari va boshqa xizmat ko‘rsatish shahobchalari faoliyat yuritib kelmoqda.
Mehmonlar turizm qishlog‘ida yangi imkoniyatlardan foydalanishga qaratilgan taqdimotlar bilan tanishdi, mahalla raisiga Omonqo‘tonga turizm qishlog‘i maqomi berilgani to‘g‘risidagi sertifikat topshirildi.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari