Ommaviy sport turlariga qiziqish oshmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Sirdaryo viloyat filialida viloyat sport boshqarmasi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan yoshlarni ommaviy sportning futbol, mini futbol, voleybol, stritbol, stol tennisi, shaxmat-shashka kabi 13 ta turiga jalb etish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish maqsadida o‘tkazilayotgan "Besh tashabbus olimpiadasi" musobaqalari va Olimpiada hamda Paralimpiya harakati yo‘nalishida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, istiqboldagi rejalar haqida so‘z yuritildi.


– "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida o‘tgan 2024 yil davomida viloyatdagi 239 ta mahallada ko‘chalararo mahalla bosqichlari o‘tkazilib, unda g‘olib bo‘lganlar sektor, tuman, shahar, viloyat bosqichlarida ishtirok etdi. Shuningdek, viloyatda g‘olib bo‘lganlar respublika bosqichlarida ishtirok etdi, – dedi Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov. – Musobaqaning ko‘chalararo mahalla bosqichlarida 149 ming 120 nafar yosh ishtirok etdi. Eng asosiysi, mazkur musobaqaning yakunlovchi respublika bosqichida faqat 1-o‘rinni qo‘lga kiritganlar emas, balki 2- va 3-o‘rinlarni egallaganlar ham ligalarga bo‘lingan holda qatnashdi. Natijada sirdaryolik yoshlar 2024 yilda 14 ta oltin, 8 ta kumush, 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bu natija ishtirokchilar soniga qaraganda katta emas. Ammo yoshlarning ommaviy sport turlariga qiziqishi sezilarli darajada ortgan. Shu boisdan, 2025 yilda o‘tkaziladigan "Besh tashabbus olimpiadasi"ga qatnashish istagini bildirganlar soni 183 ming 905 nafarga yetdi.


Bundan tashqari, "Besh tashabbus olimpiadasi" musobaqalarida imkoniyati cheklangan yoshlarga ham yo‘l ochildi. O‘tgan yili 602 nafar sirdaryolik yosh sportning para yengil atletika, para shashka, para shaxmat, para stol tennisi, para kibersport turlari bo‘yicha ishtirok etib, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga Sport boshqarmasi mas’ullaridan atroflicha javoblar olishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri