Omilkorlik qut-baraka deganidir
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Ko‘klam zamini” mas’uliyati cheklangan jamiyati sohibkorlari 2023 yilning o‘zida Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston davlatlariga 280 tonna va ichki bozorga 85 tonna pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri yetkazib berdi.
7 gektar maydondagi issiqxonalarda 80 nafar mavsumiy, 20 nafar doimiy ishchi mehnat qiladi. Ular tomonidan o‘tgan yilning dekabrida ekilgan ko‘chatlar shu kunlarda hosil tugish pallasiga o‘tdi.
[gallery-16104]
Xuddi shunday, tumandagi “Kalvak” MFYda 1 ming 34 ta xonadon ixtiyorida 56.9 gektar tomorqa bo‘lib, mahalla ahlining yetti yoshdan yetmish yoshigacha dehqonchilik bilan band. Ular ko‘chatchilik bo‘yicha tumanda o‘ziga xos tajriba maktabini yaratishgan. Yanvar oyida sepilgan pomidor, bulg‘or, bodring, turli gul ko‘chatlari allaqachon unib chiqib, mart oyida bozorga olib chiqishga mo‘ljallanmoqda. Mahallada hamma xonadonning o‘z issiqxonasi bor.
Ma’lumot uchun: To‘raqo‘rg‘on tumanida 2023 yilda 23,6 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilgan bo‘lib, shundan 14,7 ming tonna (63%)si eksportga yo‘naltirildi. Joriy yilda esa 25,2 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish rejalashtirilgan.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA