Ombudsman saqlash muassasalaridagi sharoitlarni o‘rgandi
Buxoro viloyatida inson huquqlarini ta’minlash, saqlash muassasalari va ijtimoiy himoya ob’ektlarida yashash hamda xizmat ko‘rsatish sharoitlarini o‘rganish maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning viloyatdagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova navbatdagi monitoringni o‘tkazdi.
Monitoring doirasida 17-son jazoni ijro etish koloniyasi, 4-son tergov hibsxonasi, Qorako‘l tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi, shuningdek, Qorako‘l tumanidagi erkaklar "Muruvvat uyi" hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati bo‘yicha Buxoro viloyat filiali faoliyati o‘rganildi.

Muassasalarda saqlanayotgan va davolanayotgan fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar har tomonlama tahlil qilindi. Jumladan, yotoqxonalar, yuvinish xonalari, oshxona va tibbiyot bo‘limlari, oziq-ovqat hamda dori-darmon ta’minoti, ularning saqlash holati ko‘zdan kechirildi. Shu bilan birga, kutubxona, madaniy hordiq chiqarish xonalari, telefon orqali muloqot qilish imkoniyatlari, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tergov va advokatlar bilan uchrashuv joylari hamda sayilgohlardagi sharoitlar o‘rganildi. Muassasalar hududida o‘rnatilgan videokuzatuv tizimlarining texnik holati ham nazoratdan o‘tkazildi.

O‘rganishlar natijasida Qorako‘l tumanidagi erkaklar muruvvat uyida ayrim kamchiliklar aniqlandi. Xususan, muassasa oshxonasi ta’mirlangan bo‘lishiga qaramasdan, undagi gaz plitalarining nosozligi sababli ovqatlar tashqi hududdagi vaqtinchalik va yetarli darajada jihozlanmagan sharoitda tayyorlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu holat mas’ul tashkilotlar tomonidan tezkor choralar ko‘rish zarurligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, monitoring jarayonida muassasalarda joylashtirilgan “Ombudsman quti”lari orqali kelib tushgan murojaatlar hamda fuqarolar bilan holi tarzda o‘tkazilgan qabullar davomida bildirilgan masalalar o‘rganildi. Ayrim murojaatlar bo‘yicha joyning o‘zida huquqiy tushuntirishlar berildi, boshqa murojaatlar esa nazoratga olindi.

Mazkur monitoring tashriflari muassasalarda inson huquqlariga rioya etilishi, yashash va saqlash sharoitlarini yanada yaxshilash, mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishga xizmat qiladi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning hujjatlari kiritilishi belgilangan.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri