Ombudsman: murojaatlar o‘z vaqtida o‘rganilmoqda
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili Abira Huseynova Qorovulbozor tumani 17-son Jazoni ijro etish koloniyasida joylashgan ombudsman qutilaridan kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha o‘rganishlar olib bordi.
Uch nafar mahkumning murojaati bo‘yicha individual suhbatlar o‘tkazildi va muammolari tinglandi. Shuningdek, ombudsman qutilaridan mahkumlarning arizalari yig‘ib olindi. Murojaatchilarning muammolarini hal qilish choralari ko‘rilmoqda.

Abira Huseynova Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro viloyati filialiga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Filialda xizmat ko‘rsatish sifati, bemorlarga yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Filial majburiy bo‘limiga 92 o‘rin ajratilgan bo‘lib, monitoring kunida 124 nafar bemor davolanayotganligi aniqlandi.
O‘rganish davomida filialning majburiy va ixtiyoriy statsionar bo‘limlari ko‘zdan kechirilganda, majburiy davolash bo‘limida bemorlarga joy masalasida muammo borligi aniqlandi.

Filialning statsionar bo‘limida reanimatsiya va intensiv terapiya palatasi tashkil etilgan. Reanimatsiya bo‘limi barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. Filialda davolanayotgan bemorlar belgilangan talablarga asosan, yetarli darajada dori-darmon va oziq-ovqat bilan ta’minlangan.

Filialning ixtiyoriy davolash bo‘limida bemorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Har bir bemor uchun 6 kvadrat metr joy mavjud. Ixtiyoriy davolash bo‘limida servis palatalar tashkil etilgan. Bemorlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida konditsioner, muzlatgich va televizor bilan ta’minlangan.
Monitoringda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mintaqaviy vakil tomonidan muassasa rahbariyatiga tegishli tavsiyalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA