“Ombudsman maktabi” loyihasi amalda
Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida Navbahor tumanidagi “Arabsaroy”, “Sovungar” va “Saroy” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi ishtirokida “Aholini ijtimoiy himoya qilish hamda qo‘llab-quvvatlashda davlat organlari va tashkilotlarining o‘rni” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Jo‘rayev va boshqalar Ombudsman instituti tarixi, uning faoliyatining huquqiy asoslari, vakolati va vazifalari hamda fuqarolarning mintaqaviy vakilga murojaatlar qilish va ular bilan ishlash tartibi, sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilingan, amaldagi normativhuquqiy hujjatlarning mazmunmohiyati to‘g‘risida tushuntirishlar berishdi.

– Mamlakatimizda fuqarolarning inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlardan, ijtimoiy sohada olib borilayotgan islohotlardan, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va xotinqizlarni qo‘llabquvvatlash, kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatish, umuman olganda, aholiga yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlar to‘g‘risida fuqarolarning xabardorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu vazifalarni amalga oshirishda esa “Ombudsman maktabi” loyihasi ayni muddao bo‘lmoqda, – deydi Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Jo‘rayev.

Tadbir davomida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan 300 nafardan ortiq fuqaro bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 8 turdagi 110 million so‘mga yaqin bepul dori- darmonlar va vitaminlarga boyitilgan mahsulotlar tarqatildi, 100 nafar fuqaro bepul ko‘zoynaklar bilan ta’minlandi.

Shuningdek, Davlat xizmatlari markazi tomonidan 32 nafar fuqaroga davlat xizmatlari ko‘rsatildi. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining viloyat Kengashi tomonidan 45 nafar kam ta’minlagan fuqaroga sayohat uchun yo‘llanmalar berildi.

Viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkillashtirilib, 23 nafar ishsiz fuqaroga doimiy ish o‘rinlariga ishga joylashish hamda 3 nafar fuqaroga Monomarkazda kasbga o‘qish uchun yo‘llanmalar berildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi tomonidan muhtoj fuqarolarga 1 ta nogironlik aravachasi, 5 ta hassa, 6 juft qo‘ltiq tayoq topshirildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri