“Ombudsman maktabi”: fuqarolar bilan ochiq muloqot
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentyabrdagi “Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, ombudsmanning ustuvor vazifalaridan biri sifatida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun- mohiyati bilan aholini tanishtirish, shu orqali aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga ko‘maklashish belgilangan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Chunki, ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini taqozo etmoqda. Shu bois 2022-yildan respublikaning chekka hududlarida mahallalar bo‘yicha aholining huquqiy savodxonligini hamda davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanidagi “Malik” MFY 11-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida o‘tkazildi. Tadbirda tumandagi Intilish, Ilg‘or, Oq yo‘l, Ziyokor, Navro‘z, Elobod, Quyosh, Zarshunos, Beshbuloq, Matonat va Islomobod mahallalari aholisi qamrab olindi.
[gallery-16633]
Fuqarolar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) bilan birga mahalliy Kengashlardan deputatlar, viloyat hokimligining Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasidan vakillar ishtirok etdi.
Fuqarolar bilan bo‘lgan ochiq muloqotda ombudsman ushbu hududdan yuborilayotgan murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, aholi tomonidan ijtimoiy yordam olish, subsidiya ajratish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Kunning ikkinchi yarmida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kasaba uyushmalari federatsiyasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda Guliston davlat universiteti vakillari bilan hamkorlikda Sirdaryo tumanida joylashgan “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar uchun internat uyiga tashrif buyurdi. Ushbu tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad yaqinlarining shirin diydoriga muhtoj yurtdoshlarimiz yuziga tabassum ulashish, ularning doim davlat himoyasi va e’tiborida ekanliklarini his qilishiga hissa qo‘shish va ularga yaratilgan sharoitlarni o‘rganishdan iborat.
Tashrif davomida Sirdaryo “Muruvvat” internat uyida yashovchi nogironligi bo‘lgan ayollar va bolalarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish va boshqa sharoitlari o‘rganildi. Shuningdek, kutubxona, tikuv, to‘qish va biser xonasi, sport zallari ham ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, ombudsman tomonidan “Muruvvat” internat uyi tarbiyalanuvchilariga badiiy kitoblar va turli sovg‘alar topshirildi.
Shuhrat Suyarov, Shahriyor Ortiqboyev(surat), O‘zA muxbirlari