Oltmish yillik maktab: arxitektura-qurilish institutidan texnika universitetigacha
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat texnika universitetida mazkur oliy ta’lim muassasasi tashkil etilganining 60 yilligi munosabati bilan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda Samarqand viloyati hokimligi va oliy o‘quv yurtlari mas’ullari, universitetning sobiq bitiruvchilari va ayni paytda faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilar, talabalar ishtirok etdi.

Tadbir qatnashchilari dastlab ilm dargohi tarixi aks etgan ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Har bir fakultet, kafedra faoliyati, o‘tgan davrda erishilgan natijalar haqida ma’lumot berildi.
Universitet tarixi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoda malakali me’mor va quruvchi muhandislarga keskin ehtiyoj sezilgan 1966-yilga borib taqaladi. O‘sha yili aprel oyida Toshkent zilzilasi sodir bo‘lgach, hukumat qarori bilan Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti tashkil etiladi va bitta fakultet, yettita kafedra ochilib, 525 nafar talaba bilan faoliyat boshlanadi. Institutga Samarqand shahridagi 19-internat binolari ajratiladi. Keyinchalik ilm dargohi o‘z o‘quv korpuslari, talabalar turar joylari, sport inshootlariga ega bo‘ldi, fakultetlar soni 4 taga, kafedralar 25 taga yetdi.

– So‘nggi to‘rt yilda oliygoh tarixida ikki muhim burilish yuz berdi, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat texnika universiteti rektori Chidem Turkyilmaz. – 2022-yil 8-noyabrda Prezident qarori bilan institutga universitet maqomi berildi. Davlat rahbarining shu yil 26-maydagi qaror bilan esa uning negizida Samarqand davlat texnika universiteti tashkil etildi. Muassasada mavjud arxitektura, qurilish, dizayn va shaharsozlik maktablari qatorida energetika, mexanika, metallurgiya, kimyo muhandisligi, mexatronika va robototexnika, kompyuter injiniringi yo‘nalishlari kengaytirilmoqda. 2027-2028 o‘quv yilidan intellektual suv texnologiyalari ilg‘or muhandislik maktabini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz. Ayni paytda universitetda 9 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Qariyb 28 ming kvadrat metrlik yangi o‘quv binosida 4300 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv xonalar, 350 o‘rinli kutubxona va 20 dan ortiq zamonaviy laboratoriya faoliyat yuritmoqda. Xalqaro aloqalarni rivojlantirib, bugungi kunda 22 davlat oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilyapmiz. Xitoyning qurilish sifatini nazorat qilish tashkiloti bilan 4 million dollarlik loyiha doirasida universitet huzurida ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.



Tadbir qatnashchilari universitet jamoasini qutlug‘ sana bilan tabriklab, mazkur ta’lim dargohining mamlakatimiz qurilish va boshqa sohalari uchun malakali kadrlar tayyorlashdagi rolini e’tirof etdi. O‘z navbatida universitet rahbariyati tomonidan ushbu dargohda faoliyat ko‘rsatib, uning nufuzini oshirishga hissa qo‘shgan rahbarlar, professor-o‘qituvchilar va sobiq bitiruvchilarga minnatdorlik ramzi sifatida esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri