Oltin va kumush medallar egasini topdi
Sirdaryo viloyatida 2020-2021 o‘quv yilida jami 23 ming 638 nafar o‘quvchi o‘rta umumta’lim maktabini bitirdi. Shundan 12 ming 227 nafari 9-sinf, 11 ming 377 nafar 11-sinf bitiruvchilaridir.
So‘nggi ikki hafta mobaynida viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi ta’lim muassasalarining oltin va kumush medallariga sazovor bo‘lgan iqtidorli o‘quvchilariga ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq va tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.

– Bu yilgi bitiruvchilar orasidan viloyat bo‘yicha muddatidan avval OTMga qabul qilinganlar 52 nafarni, 50 foizli imtiyozga ega bitiruvchilar 81 nafarni tashkil etmoqda, – deydi viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Olimjon Mirbaratov. – Barcha ta’lim muassasalarida “Abituriyent shtabi” tashkil etilgan. Bitiruvchilarni OTMga to‘g‘ri yo‘naltirish maqsadida so‘rovnomalar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uning natijasiga ko‘ra, ularning 10 309 nafari oliy ta’lim muassasasida o‘qish uchun hujjat topshirish istagini bildirgan . 205 nafar bitiruvchi texnikumlarda, 1412 nafari kollejlarda, 183 nafari esa xorijiy davlatlarda ta’lim olishga xohishi borligini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, viloyat hududidagi maktablar mikro hududi bo‘yicha 1-sinflarga 2021-2022 o‘quv yilida 13 923 nafar o‘quvchi qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, bu yilgi o‘quv yilida o‘rta maktablarga 7 yoshli o‘quvchilar qabul qilinishi bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmoqda. 2021-2022 o‘quv yilida tajriba sinov tariqasida viloyat markazi Guliston shahrida joylashgan maktablar mikro hududi bo‘yicha adm.maktab.uz saytiga ma’lumotlar joylanmoqda.
Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA