"Oltin qalam" xalqaro tanloviga 4 mingga yaqin ijodiy ishlar kelib tushdi
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasida “Oltinqalam” XX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda tanlovning hujjatlar qabul qilish jarayoni yakunlangani ma’lum qilinib, kelib tushgan ijodiy ishlar soni va ishtirokchilar tarkibi haqida axborot berildi.
Qayd etilishicha, joriy yilda xalqaro tanlovga jami 3905 ta ijodiy ish kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 654 taga ko‘p bo‘lib, tanlovga bo‘lgan qiziqish va ijodiy faollik 20,1 foizga oshganini ko‘rsatmoqda. Tanlovda jami 607 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. Ularning 53 tasi jamoaviy, 554 nafari esa yakka tartibdagi ishtirokchilardir.
Ijodiy ishlar ommaviy axborot vositalarining turli yo‘nalishlari bo‘yicha qabul qilingan bo‘lib, bosma nashrlar yo‘nalishiga 1288 ta, internet nashrlari yo‘nalishiga 826 ta, televideniye yo‘nalishiga 854 ta, radio yo‘nalishiga 280 ta, fotojurnalistika yo‘nalishiga 210 ta hamda publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob nominatsiyasi uchun 52 ta ijodiy ish taqdim etilgan.
Brifing davomida tanlovning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotgani ham ta’kidlandi. Xususan, “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasiga dunyoning 40 ta davlatidan 86 nafar jurnalist tomonidan 395 ta ijodiy ish taqdim etilgan.
Hozirda tanlovga kelib tushgan ijodiy ishlarni Hakamlar hay’ati tomonidan xolis va haqqoniy ko‘rib chiqilishini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Oltin qalam” XX Milliy mukofoti xalqaro tanlovining g‘olib va sovrindorlari 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabatibilan o‘tkaziladigan bayram tadbirida e’lon qilinadi va taqdirlanadi.