“Oltin kuz-2019“ ishtirokchilari Baxmalda
Jizzax viloyatida boshlangan “Oltin kuz 2019“ agroturizm festivali ishtirokchilari Baxmal tumanining bu boradagi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Jizzax viloyatida boshlangan “Oltin kuz 2019“ agroturizm festivali ishtirokchilari Baxmal tumanining bu boradagi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Fermer yaratgan 10 gektar intensiv bog‘dagi olmalarni zavq bilan tergan ishtirokchilar hududning o‘ziga xos qo‘shiq va raqslarini tomosha qilib, taomlaridan tanovul qilishdi.
Festival doirasida tumanda uchta mobil bog‘cha ochilganidan esa aholi juda quvondi.
– Tumanimizda davlat tasarrufidagi o‘n ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud. 3-6 yoshli farzandlarimizni yanada to‘liqroq qamrab olish uchun esa davlat xususiy sherikligi asosida yaqinda yana 12 ana shunday maskan qurildi. Bir foizli imtiyozli kredit asosida faoliyat boshlagan ushbu bog‘chalar 100-150 o‘ringa mo‘ljallangan. Chekka, tog‘li hududlarda yashayotgan bolajonlarni ham maktabga sifatli tayyorlash uchun mobil bog‘chalar barpo etishga harakat qilmoqdamiz. Bugundan "Baxmal", "Sangzor" va "G‘allakor" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida shu turdagi bog‘chalar aholiga xizmat qila boshladi. Baxmalda bog‘cha yoshidagi farzandlarimiz o‘n ikki ming nafarga yetdi. Mobil bog‘chalarni ishga tushishi bilan biz kechik yoshdagi bolalarni bog‘chaga bo‘lgan talabini ellik foizini ta’minlashga erishdik, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Shahnoza Ne’matullaeva.
Qayd etish kerakki, hozirda tumanda 69 ta uy bog‘chasi ham faoliyat yuritmoqda. Ularning har biri 6-30 nafargacha bolalarni qabul qiladi. Uy bog‘chalarining sertifikatlari mavjud, tuman SESi xulosa bergan, ularning faoliyati doimiy ravishda nazoratga olingan.
Festival doirasidagi musiqiy chiqishlarda bog‘cha tarbiyalanuvchilari ijro etgan hududga xos milliy ruhdagi sho‘x-shodon kuy-qo‘shiqlar barchaga birdek ko‘tarinkilik baxsh etdi.
“Oltin kuz-2019“ doirasidagi navbatdagi tadbir ko‘pkari musobaqasi ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.