Oltiariqdagi qotillik jamoatchilik muhokamasida
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani "Qiziltepa" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi dala shiyponida sobiq er-xotinning mojarosi qotillik bilan yakun topdi.
Tumanning Jarariq mahallasi Namuna ko‘chasida yashovchi 35 yoshli O.B sobiq turmush o‘rtog‘i 27 yoshli I.M.ni ayovsiz kaltaklab, uning o‘limiga sababchi bo‘ldi. Voqeaning qisqacha tafsiloti shunday. Shu yil 21 avgust kuni soat 08:00 lar chamasida fuqaro O.B o‘ziga qarashli fermer xo‘jaligi dala shiyponiga telefon apparatini olib ketish uchun kelgan I.M bilan telefon messenjeridagi begona erkaklar bilan ishqiy munosabatdagi yozuvlarni ro‘kach qilib, o‘zaro janjal yuzaga kelgan. Natijada, mojaro avj olib, O.B sobiq turmush o‘rtog‘i I.M.ni ayovsiz kaltaklagan. Og‘ir tan jarohati olgan jabrlanuvchi behush holga kelgan.

Gumonlanuvchi o‘z boshqaruvidagi “Spark” avtomashinasida jabrlanuvchini Oltiariq tuman shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga olib kelib, o‘lik holatda tashlab noma’lum tomonga ketgan. Biroq, ma’lum vaqt o‘tgandan keyin qilmishiga iqror bo‘lib, o‘z ixtiyori bilan Oltiariq tuman IIBga kelgan.
Mazkur qotillik jinoyati yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan tezkor harakatlar boshlandi. Avvalo, jinoyat sabablari va oqibatlari tahlil qilindi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Muhiddin Jo‘rayev rahbarligida maxsus guruh tuzilib, ushbu qotillik sodir bo‘lgan hudud Oltiariq tumani "Qiziltepa" mahalla fuqarolar yig‘inida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari hamda IIB profilaktika nozirlari va imom-xatiblar ishtirok etdi.

Muhokamada ayanchli voqelik atroflicha tahlil qilindi. Voqea qotillik bilan yakun topmasligi mumkinligi, taalluqli mas’ullar, jamoatchilik jinoyatning oldini olishi lozimligi to‘g‘risida fikr bildirishdi. Xotin-qizlar, ichki-ishlar, yoshlar bilan ishlash sohalaridagi mutasaddilar bu borada uzviy hamkorlikda faoliyat yuritishlari muhimligi ta’kidlandi. Viloyat IIB boshlig‘i va tuman hokimi jinoyatchilik profilaktikasi bo‘yicha mas’ullarning zimmasidagi vazifalari va kelgusi chora-tadbirlari to‘g‘risida aniq ko‘rsatmalar berishdi.
M. Sulaymonov,
O‘zA