Olti oy oldin yoʻqotilgan “Captiva” topildi
Ammo boshlangʻich sotuv bahosi 111 million 155 ming soʻm deb belgilangan avtomashina “yoʻqolib qoldi”.
Jizzax viloyati Doʻstlik tumanlararo sudining kredit undirish ijro hujjatiga asosan “Mirzachoʻl parranda fayz” MCHJ va boshqalar hisobidan “ASIA ALLIANCE BANK” ATB Samarqand filiali foydasiga undiriladigan qarz hisobdorlarning mulkiga qaratilib, shu jumladan, F. Eshmurodovaning tegishli “Captiva” rusumli avtomashina sotuvga qoʻyilgan edi.
Ammo boshlangʻich sotuv bahosi 111 million 155 ming soʻm deb belgilangan avtomashina “yoʻqolib qoldi”. Joriy yilning 4-yanvarida F. Eshmurodovaga tegishli boʻlgan “Captiva” rusumli avtomashinaga nisbatan qidiruv eʼlon qilindi.
Ijro harakatini olib borgan Majburiy ijro byurosi Gʻallaorol tuman boʻlimidan maʼlum qilinishicha, olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida ushbu “yoʻqolgan” avtomashina Jizzax shahri hududiga yashirib qoʻyilgan joyidan topilib, vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga olib kelingan.
Olmoqning bermogʻi bor, deb bejiz aytilmagan. Kredit qarzidan qochib emas, toʻlab qutiladi.